Chegaralar orqali tovarlarni noqonuniy ravishda olib oʻtish maqsadida hujjatlarni soxtalashtirish holatlari uchrab turadi.
Yoki chegaradan tovarlarni soxta imzo va muhr bilan olib oʻtishga boʻlgan urinish fosh qilindi
Chegaralar orqali tovarlarni noqonuniy ravishda olib oʻtish maqsadida hujjatlarni soxtalashtirish holatlari uchrab turadi. Buni aniqlash uchun bojxonachilar sinchkovlik bilan ish olib borishi zarur.
Mamlakatimiz hududidan tranzit tarzida harakatlanayotgan yuk poyezdi konteynerlaridan biri “Oʻzbekiston” temir yoʻl chegara bojxona postida bojxona nazoratidan oʻtkazildi.
Konteynerdagi tovarlar yuzasidan taqdim etilgan yoʻl yuk kuzatuv hujjatlari oʻrnatilgan tartibda koʻzdan kechirilganida, hujjatlardagi imzo va muhrlar bojxonachilarda shubha uygʻotdi.
Shundan soʻng bojxonachilar hujjatlarda qayd etilgan masʼuliyati cheklangan jamiyatning rahbari A.Sh. bilan bogʻlangan. Ushbu shaxs esa yukning kuzatuv hujjatlaridagi imzo va muhrlar oʻziga tegishli emasligini maʼlum qilgan.
Shu tarzda konteynerdagi 1095 dona televizor, 271 dona konditsioner va boshqa tovarlarning soxta hujjatlar asosida bojxona chegarasidan olib oʻtilishiga chek qoʻyildi.
Bu holat Davlat bojxona qoʻmitasining Toshkent va Xorazm viloyati boshqarmalari xodimlari tomonidan oʻzaro hamkorlikda fosh etildi.
Vaqtincha saqlovga olingan mazkur tovarlarning umumiy qiymati esa dastlabki hisob-kitoblarga koʻra 1 milliard soʻmni tashkil etmoqda.
Davlat bojxona qoʻmitasi axborot xizmati xabariga koʻra, hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.