English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bojxonachi va tadbirkor hamkorligi – ishonch va rivoj kafolati
11:26 / 2025-07-29

Jizzax viloyatida joylashgan “DMC-Jizzax” mas’uliyati cheklangan jamiyatda bojxona organlari va ishlab chiqaruvchi sub’ektlar o‘rtasida amaliy muloqot tashkil etildi.

Ushbu uchrashuv doirasida korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishildi, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan bojxona imtiyozlari va qulayliklar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Mazkur o‘rganishdan ko‘zlangan maqsad – bojxona organlari va tadbirkorlar o‘rtasida ochiq muloqotni kuchaytirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, shuningdek, qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklarni joylarda tushuntirish orqali ularni amaliyotga samarali tatbiq etishdan iborat.

“DMC-Jizzax” MCHJ korxonasi – mamlakatimizdagi avtomobil sanoati yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan yetakchi korxonalardan biri hisoblanib, unda turli turdagi avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqariladi. Bu jarayon nafaqat milliy sanoatni rivojlantirish, balki yangi ish o‘rinlari yaratish orqali hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikka ham o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Ayni paytda, korxonada 200 ga yaqin doimiy ish o‘rni mavjud bo‘lib, bu Jizzax viloyatida bandlik darajasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

2024–2025 yillar davomida “DMC-Jizzax” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 1 million 600 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan zamonaviy texnologik uskunalar olib kelingan. Bu esa ishlab chiqarish quvvati va mahsulot sifatining sezilarli o‘sishga olib keldi.

Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, bunday investitsiya loyihalari nafaqat korxona rivoji, balki sohadagi raqobatbardoshlikni ta’minlashda ham muhim o‘rin tutadi.

Uchrashuv davomida bojxona sohasidagi so‘nggi islohotlar, jumladan, tadbirkorlar uchun yaratilgan yengilliklar haqida amaliy ma’lumotlar taqdim etildi.

Jumladan, “Eksport uch qadamda” tizimi, “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi va texnologik uskunalarni olib kirishdagi imtiyozlar xususida atroflicha tushuntirishlar berildi. Ushbu imkoniyatlar tadbirkorlar uchun vaqt va mablag‘ni tejash, eksport salohiyatini kengaytirish va texnologik yangilanishni jadallashtirishga xizmat qilmoqda.

Bojxona organlari tomonidan joylarda tashkil etilayotgan bevosita uchrashuv va uch tomonlama muloqotlar tadbirkorlik muhitini yaxshilashga, ishlab chiqaruvchi sub’ektlarning qonunchilikdan xabardorligi va huquqiy madaniyatini oshirishda qo‘l kelmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini yanada rivojlantirish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishda muhim omil hisoblanadi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zAmuxbirlari