Prezidentimizning 2021 yil 10 sentyabrdagi “Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va davlat bojxona xizmati organlari tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2021 yil 1 oktyabrdan bojxona nazoratini olib borishda toifadan tashqari maqomdagi “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari tashkil etilishi belgilangan.
“Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona posti dastlab Toshkent viloyati bojxona boshqarmasida hamda Xorazm, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyat bojxona boshqarmalarida tashkil etildi. So‘ng, joriy yil 17 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bojxona tizimini yanada isloh qilish va uni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish masalalari bo‘yicha tkazilgan yig‘ilishda “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” (MED) bojxona posti barcha hududlarda tatbiq etilishi belgilandi.
Bunda 1 maydan boshlab yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish postlardan chiqariladi va tadbirkor bilan bevosita muloqotsiz, masofaviy amalga oshiriladi. Toshkent viloyatida “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona posti tashkil etilgandan buyon 135 ming 306 ta bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirildi. Sodda qilib aytganda bojxona yuk deklaratsiyalari bugungi kunda 80 foiz soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilmoqda.
Joriy yil yanvar – oktyabr oylari davomida 1 milliard 930 million AQSH dollari miqdoridagi tovar eksport qilingan. 2022 yil yanvar – oktyabr oylari davomida post tomonidan rasmiylashtirilgan import va eksport tovarlarning tashqi savdo aylanmasi 5 milliard 244 million AQSH dollarini tashkil etdi. Eksport geografiyasi esa Xitoy, Qozog‘iston, Turkiya, Rossiya, Tojikiston, Ukraina, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Turkmaniston davlatlarini qamrab oldi.
Amalga oshirilgan rasmiylashtiruv natijasida davlat byudjetiga 3 trillion 990 milliard so‘m miqdordagi pul mablag‘lari o‘tkazildi. Tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tomonidan olib kirilgan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar va xomashyolarga bojxona to‘lovlarini to‘lashdan 5 trillion 196 milliard so‘m miqdorida imtiyozlar qo‘llanilgan.
Ma’lumki, mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash hamda investitsion jozibadorligini oshirishda bojxona rasmiylashtiruv jarayonida sarflanadigan vaqt muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur yo‘nalishdagi raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, Tashqi iqtisodiy faoliyati bojxona postlarida rasmiylashtirilgan bir dona bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilishiga o‘rtacha 4 soat 17 daqiqa vaqt sarflangan bo‘lsa, “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postida bir dona bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilishiga o‘rtacha 3 soat 24 daqiqa vaqt sarflangan.
Bundan ko‘rinib turibdiki, 53 daqiqaga yoki 21 foizga kamayishiga erishilgan. Bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilishiga o‘rtacha vaqt mos ravishda “eksport” bojxona rejimida 20 foizga va “import” bojxona rejimida 10 foizga kamayishiga erishilgan.
“Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona posti va Tashqi iqtisodiy faoliyati bojxona postlari xodimlari o‘rtasida tezkor axborot almashinuvini tashkil etish maqsadida tegishli messenjer dasturi ishlab chiqildi.
Avval o‘tkazilgan bojxona ko‘riklarini keyingi bojxona postlarida ko‘rish imkoniyati mavjud, “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona posti tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, vaqt va mablag‘ sarfini tejash, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini maqbullashtirish, ish faoliyatini samarali tashkil etish maqsadlarida faoliyat ko‘rsatadi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA