O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 22 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida” Qonuniga asosan 26 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati xodimlari kuni – bojxonachilarning kasb bayrami etib belgilandi.
– Mamlakatimizda tashqi iqtisodiy aloqalarning izchil rivojlanib borishi milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi. Xalqaro savdo hajmlarining kengayishi orqali davlat byudjeti daromadlari mustahkamlanib, aholi farovonligiga mustahkam asos yaratiladi. Tashqi bozorlarga chiqarilayotgan va mamlakatimizga olib kirilayotgan tovarlar harakatini tezkor, shaffof hamda qonun talablariga muvofiq tarzda rasmiylashtirish bojxona organlari zimmasiga yuklatilgan muhim vazifalardan biri. Eksport va import jarayonlarida qulayliklar yaratilishi tashqi savdo aylanmasining o‘sishi va tadbirkorlik faoliyatining yanada jonlanishiga xizmat qiladi. Ana shu mas’uliyatli vazifalarni samarali amalga oshirib kelayotgan boshqarma jamoasi o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra salmoqli natijalarga erishdi. Bojxona rasmiylashtiruvi va nazorat jarayonlarining takomillashtirilishi orqali hudud iqtisodiy salohiyatini oshirishga, tashqi savdo operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlashga munosib hissa qo‘shildi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nursultan Nazarbayev.
Xususan, 2025 yil mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha tovarlar tashqi savdo aylanmasi 823,1 million AQSH dollarini tashkil etdi va 2024 yilga nisbatan 101,4 million AQSH dollariga yoki 14 foizga oshgan. Shu jumladan, tovarlar eksporti 320,7 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bu davrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona postlari orqali eksport qilingan tovarlarning asosiy qismi “Plastmassadan yasalgan buyumlar, “O‘simliklar va ulardan olingan mahsulotlar”, to‘qimachilik mahsulotlari, kimyo sanoati, oziq-ovqat mahsulotlari, tirik hayvonlar va boshqa tovarlarga to‘g‘ri keladi. Hozirgi kunda tovarlar eksporti bilan shug‘ullangan sub’ektlar soni 165 tani tashkil etmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi xududidan tovarlar eksporti 39 ta davlatga amalga oshirilib, asosiy hamkorlari Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy, Latviya, Estoniya va V’etnam mamlakatlarini tashkil etdi. Ushbu davlatlarning ulushi jami eksportda 88,6 foizni yoki 284,1 million AQSH dollarini tashkil etmoqda.
2025 yilda tovarlar importi hajmi asosan texnologik uskunalar, metall va metall buyumlar, oziq-ovqatlar, elektrotexnika va uning qismlari, kimyo sanoati, yoqilg‘i-energetika va neft, yog‘och-taxta, plastmassa, rezina mahsulotlari va boshqa tovarlarga to‘g‘ri keladi.
Tovarlar importi 51 ta davlatdan amalga oshirilib, asosiy hamkorlarni Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Turkiya, Italiya va Germaniya davlatlarini tashkil qildi.
Boshqarma tomonidan 2025 yil davomida 723,9 milliard so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovi davlat byudjetiga o‘tkazilib, belgilangan reja 103,4 foizga bajarildi. Shu davr mobaynida 757 ta holatda 19 milliard 421,6 million so‘mlik tovar — moddiy boylik bilan bog‘liq huquqbuzarlik holati aniqlangan. Ushbu huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha olingan tovar moddiy boyliklarning 10 milliard 143,4 million so‘mlik qismi davlat foydasiga musodara qilingan bo‘lsa, 838,7 million so‘mlik qismi yo‘q qilingan. 4 milliard 646,5 million so‘mlik qismi bo‘yicha yetkazilgan zarar bartaraf qilinganligi sababli egasiga qaytarildi. 3 milliard 654,8 million so‘mlik qismi sud va tergov organlarida ko‘rib chiqilmoqda.

Ta’kidlash joizki, bojxona xizmati davlatimiz ichki va tashqi siyosatining ajralmas qismi, mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini mustahkamlash, milliy manfaatlarini himoya qilishning muhim va samarali mexanizmidir. Bugun jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan tashqi savdo iqtisodiy aloqalar sharoitida bojxona organlarining o‘rni va ahamiyati ortib bormoqda. Shuning uchun ham soha xodimlarining mashaqqatli, ayni paytda sharafli xizmati xalqimiz tomonidan hamisha qadrlanadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri