Andijon shahridagi 13-umumta’lim maktabida “Milliy armiyamiz – g‘urur va iftixorimiz!” shiori ostida ko‘rgazmali uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Andijon viloyati bojxona boshqarmasi tashabbusi bilan o‘quvchi yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik, yurtga sadoqat tuyg‘ularini yuksaltirish, ular qalbida tinch va farovon hayotga shukronalik hamda yuksalayotgan Vatanimizdan faxr-iftixor hissini mustahkamlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbir davomida o‘quvchilarga bojxona organlari faoliyati, xususan, ular tomonidan qo‘llaniladigan himoya vositalari va xizmat qurol-aslahalari namoyish etildi.

Tadbir ochilishida so‘z olganlar milliy armiyamiz qudrati va salohiyati, vatan himoyasi muqaddas burch ekanligi, yurtimizni chetdan kirib kelishi mumkin bo‘lgan turli xavflardan himoya qilishda bojxona tizimi xodimlarining sharafli faoliyati haqida gapirdi.

Tizim xodimlari tomonidan bojxona organlarining himoya vositalari, qurol-aslahalari namoyishida ularning o‘ziga xos jihatlari, foydalanish tartiblari haqida o‘quvchilarga tushunchalar berildi.

Tadbirda kinologlar tomonidan xizmat itlari bilan ishlash jarayonlari, namoyish etilgan o‘ziga xos mashqlar o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbirda harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari hamda harbiy orkestr jamoasining tinchlikni, yurt himoyachilarini madh etuvchi kuy va qo‘shiqlari ishtirokchilarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari