Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasining shaxsiy tarkibi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugga qarashli “Nukus” umumqo‘shin poligonida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
Bojxona xodimlarining doimiy jangovar tayyorgarligini ta’minlash, jismoniy va ruhiy tayyorgarligini oshirish, o‘tkazilgan nazariy mashg‘ulotlarni amalda mustahkamlash maqsadida o‘tkazilgan tadbir davomida xodimlarga qurol bilan muomala qilish madaniyati, xavfsizlik qoidalari va nishonga to‘g‘ri o‘q otish texnikasi bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Mazkur mashg‘ulotlarda xodimlar Makarov pistoleti va AKSU avtomatidan o‘q otish bo‘yicha mashqlarni bajardi. Har bir xodimga amaliy mashg‘ulot jarayonida individual yondashuv asosida ko‘rsatmalar berildi.


Bunday o‘quv mashg‘ulotlari bojxona organlari xodimlarining jangovar tayyorgarligini oshirish, favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish malakasini shakllantirish va jamoada hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA