Bojxona to‘lovidan qochishga urinish naf bermadi
Xorazm viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan TIF TN kodlarini noto‘g‘ri tasniflash bilan bog‘liq navbatdagi holatga chek qo‘yildi.
Viloyatda faoliyat yuritayotgan korxonalardan biri tomonidan xorijdan olib kelingan “noto‘qima mato” tovarlariga nisbatan taqdim etilgan bojxona yuk deklaratsiyasi va unga ilova qilingan hujjatlar bojxona xodimlari tomonidan o‘rganilganida, Markaziy bojxona laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, mazkur tovarning TIF TN kodi noto‘g‘ri tasniflanganligi aniqlandi. Natijada 890 million so‘m miqdorida qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi.
Mazkur holat Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudida ko‘rib chiqildi va sud qaroriga muvofiq, korxona mas’uli MJtKning tegishli moddalari asosida aybdor deb topildi. Bugungi kunda holat yuzasidan hisoblangan qo‘shimcha bojxona to‘lovlari davlat byudjetiga to‘liq undirilishi ta’minlandi.
A.Shokirov, O‘zA