Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bojxona tizimini korrupsiyadan xoli qilish – eng ustuvor vazifa
14:22 / 2022-03-24

---------------------------------------------------------------------------------------------------

«Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari,
eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning
barcha aʼzolari, taʼbir joiz boʻlsa, “halollik vaksinasi” bilan
emlanmas ekan, oʻz oldimizga qoʻygan yuksak marralarga erisha olmaymiz.
Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt
oldini olishga oʻtishimiz kerak»

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.M.Mirziyoyev

 

Xabaringiz bor, Davlatimiz rahbari huzurida joriy yilning 17-fevral kuni bojxona tizimini yanada isloh qilish va korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtgan edi.

Mazkur yigʻilishda Davlat rahbari bojxona tizimini korrupsiyadan xoli qilish eng ustuvor vazifa ekanini, bu soha boshqa davlat idoralariga namuna boʻlishi kerakligini taʼkidlandi.

Buning uchun endilikda sohaga zamonaviy komplayens tizimi joriy etiladi.

Mazkur topshiriqlar ijrosini taʼminlash, sohani korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish maqsadida Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida “Korrupsiyaga qarshi kurashishda barchamiz birdek masʼulmiz!” mavzusida profilaktik tadbir tashkil etildi.

Taʼkidlash joizki, korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, davlatning konstitutsiyaviy asoslarini va qonun ustuvorligini zaiflashtiradi, pirovardida inson huquq va erkinliklarining poymol boʻlishiga olib keladi.

Tadbirda jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiya va unga imkon berayotgan omillarni vaqtida aniqlash va unga oʻz vaqtida chek qoʻyish davlat va jamiyat hayotining barcha sohalaridagi dolzarb vazifa ekanligi, korrupsiyaga qarshi kurashishda eng avvalo, har bir bojxona xodimida halollik immunitetini oshirib va bu bilan korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga murosasiz kurashish lozimligi, Davlatimiz rahbariyati tomonidan yaratib berilayotgan shart-sharoitlarga postda xizmat qilayotgan xodimlar oʻzining Vatanga sadoqati hamda halol va pok mehnati bilan javob qaytarishi lozimligi taʼkidlandi.

Bojxona tizimida xodimlarga qulay shart-sharoitlar yaratish, kadrlar potensialini mustahkamlash, bojxona xodimlarining ijtimoiy himoyasi borasida katta islohotlar amalga oshirilayotganligi, bojxona xodimlari nopok yoʻllarga kirib qolmasligi va bunday holatlarni oldini olishda barcha xodimlar birdek masʼul ekanligi aytib oʻtildi.

Tadbir soʻngida xodimlar oʻz xizmat vazifalarini sidqidildan bajarishlari, doimiy ravishda oʻz ustida ishlab, bilim saviyasini va tajribalarini oshirib borishlari lozimligi, atrofidagi hamkasbining har bir noodatiy xatti-harakatlariga befarq boʻlmasliklari, ana shunday holatlar kuzatilganda bevosita post hamda boshqarma rahbariyatini xabardor qilishlari mumkinligi taʼkidlab oʻtildi.

Xulosa oʻrnida shuni aytishimiz mumkinki, korrupsiya murakkab ijtimoiy hodisa boʻlib, unga qarshi kurashish uchun alohida choralarni qoʻllash samarali hisoblanmaydi, korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat va jamiyatning oʻzaro jipsligi talab etiladi. Shu sababdan fuqarolardan bojxona qonunchiligi buzilishiga doir holatlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining qisqa 11-08 raqamli hamda Toshkent shahar bojxona boshqarmasining (71) 207-09-39 telefon raqamiga qoʻngʻiroq qilishlarini soʻrab qolamiz.

Zero, bu yoʻnalishda olib borilayotgan islohotlar fuqarolar tomonidan ham faollik koʻrsatilsagina, koʻzlangan natijani berishi mumkin. Shunday ekan korrupsiyaga qarshi kurashda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishimiz, barchamiz birga harakat qilmogʻimiz zarur. Bunda korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatining maqsadi va obyekti sifatida alohida olingan korrupsioner emas, balki ushbu xatti-harakatlarni amalga oshirishga sharoit yaratib beruvchi holatlarni bartaraf qilishimiz, uning oldini olish choralarini koʻrgan holda harakat qilmogʻimiz lozim boʻladi.

 

Miraziz Karimov,
“Toshkent-tovar” bojxona posti inspektori.