Bojxona institutida Jahon bojxona tashkiloti mutaxassislari ishtirokida “Bojxona tizimida shaffoflik” mavzusida seminar bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur seminarda Qozog‘iston Respublikasining Jahon bojxona tashkilotidagi texnik attashesi Jaydar Inkerbayev va Pokiston Islom Respublikasi bojxona xizmati xodimi, xalqaro ekspert Sumayr Mustansar Tarar va Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti, Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va “Toshkent-AERO" IBK xodimlari ishtirok etmoqda.
Seminarda 2018-2023 yillar oralig‘ida tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan monitoring o‘tkazish orqali keyingi 5 yillikka mo‘ljallangan qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqilishiga alohida e’tibor qaratildi.
Seminarning ochilish qismida Bojxona instituti Shaxsiy xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i X.Ro‘zmetov bojxona organlarida so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’ruza qilib, ekspertlarga tushuntirishlar berib o‘tdi.
JBT ekspertlari amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholab, xalqaro standartlar asosida xizmat faoliyatini yanada takomillashtirish uchun ishlab chiqilishi lozim bo‘lgan Harakatlar rejasining yangi loyihasi bo‘yicha guruhlar tarkibida ish tartibini joriy qildi.
Ta’kidlash joizki, 2021 yilda Jahon bojxona tashkiloti tomonidan qabul qilingan “Shaffoflikni rivojlantirish qoidalari”ning barcha bandlari ishtirokchilar tomonidan o‘rganib chiqilib, ushbu normalarni milliy bojxona tizimiga implementatsiya qilish bo‘yicha taklif va tavsiyalar tayyorlandi.
Sh. Mamaturopova, O‘zA