Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bojxona tizimida raqamlashtirish bo‘yicha erishilgan yutuqlar e’tirof etildi
15:03 / 2023-11-02

Poytaxtimizda Shanxay hamkorlik tashkilotining birinchi transport forumi o‘tkazilmoqda. Forum doirasida “SHHT transport makonida raqamli transformatsiya” mavzusiga bag‘ishlangan panel sessiyasi o‘tkazildi.

Unda Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari I.Muxtorov  ishtirok etib, bojxona sohasini raqamlashtirish sohasida erishilgan yutuqlar bilan qatnashchilarni tanishtirdi.  

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 apreldagi “Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, so‘nggi 2 yil davomida barcha bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi tartibotlari raqamlashtirildi.  

Buning samarasida oxirgi 2 yil ichida rasmiylashtiruv vaqti 4,5 barobarga qisqartirildi. Tekshiruvlar soni 3 barobarga kamaygan bo‘lsada, fosh etish koeffitsiyenti 7 barobarga oshdi. Soddalashtirilgan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazish 85 foizni, bojxona xodimlari ishtirokisiz avtomatik ravishda rasmiylashtirish esa 15 foizni tashkil qilmoqda. Tadbirkorlarning xarajatlari sezilarli darajada qisqartirildi.  

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, bugungi kunda O‘zbekiston bojxona tizimida yagona axborot tizimiga birlashtirilgan 67 ta axborot tizimi va 33 ta interaktiv xizmatlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Eng muhimi, ushbu axborot tizimlari va interaktiv xizmatlarning barchasi bojxona sohasining malakali dasturchilari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirda tizimda kadrlar salohiyatini yanada oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, 10 dan ortiq vazirlik va idoralar, 7 ta xorijiy davlatlar bilan axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda yana 7 ta davlat bilan axborot almashinuvi yuzasidan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.  

Forum davomida Xalqaro avtomobil transporti ittifoqining Yevroosiyo bo‘limi direktori V.Zaxarenko bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda TIR (yuklarni xalqaro yo‘llarda tashish) tartibotlarini raqamlashtirish masalalari muhokama qilinib, G2B tamoyili bo‘yicha savol-javoblar o‘tkazildi. Bir qator masalalar muhokama qilindi.  

Forum 3 noyabrga qadar davom etadi.  

Sh.Mamaturopova, O‘zA