Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar va blogerlar uchun navbatdagi press-tur tashkil qilindi.
«Yangilanayotgan bojxona: «Yangiyo‘l» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida tadbirkorlar uchun yaratilgan qulayliklar» mavzusida o‘tkazilgan press-tur davomida jurnalistlar Toshkent viloyati, Zangiota tumani, «O‘rtaovul logistik» AJ hududida joylashgan «Yangiyo‘l» TIF bojxona posti va bir qator eksportyor korxonalarda bo‘lishdi.
Avvalo jurnalistlarga «Raqamli O‘zbekiston bojxonasi» ko‘rgazmali taqdimoti va sohadagi islohotlarga bag‘ishlangan maxsus videorolik namoyish etildi.

Yangi O‘zbekiston – yangi dunyoqarash. Xabaringiz bor, joriy yilning 17 fevral kuni Prezidentimiz bojxona tizimini yanada isloh qilish va uni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Mazkur yig‘ilishda ta’kidlanganidek, bojxona tizimi mamlakatimizni jahon iqtisodiyoti bilan bog‘laydigan muhim bo‘g‘in, deb ta’kidladi.
Bojxona tizimiga «Raqamli bojxona» tamoyilning keng joriy qilinayotgani tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining ham vaqtini, ham xarajatlarini tejashga xizmat qilmoqda.
Keng miqyosda joriy qilinayotgan «Xavflarni boshqarish», «Yagona darcha» kabi bojxona axborot tizimlari va elektron xizmatlar ko‘magida bojxona nazorati va rasmiylashtiruviga sarflanayotgan vaqt tobora qisqarmoqda.
Bojxona nazoratida ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etilishi natijasida bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirish vaqti eksportda 1,7 barobarga, importda esa 1,4 barobarga qisqartirildi.
Shu bilan birga, 76 foiz BYUDlar soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilgan, bu ko‘rsatkich eksportda 84 foizni va importda 74 foizni tashkil etadi.
«Yangiyo‘l» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida 2022 yilning 3 oyi davomida 3200 ta bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirilib, ular bo‘yicha 130 mlrd. so‘mlik bojxona to‘lovlari davlat byudjetiga o‘tkazilgan.
Mazkur post orqali tadbirkorlarimiz tomonidan ishlab chiqarilgan salkam 180 mln. AQSH dollaridan ziyod mahsulotlar xorijga eksport qilingan.
Jumladan, 100 dan ortiq turdagi ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan xomashyo, texnologik asbob uskunalar, maishiy texnika va ularning qismlari kabi tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvida 450 mlrd. so‘m bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar berilgan.
Bojxona postida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, noqonuniy tovar-moddiy boyliklarning yurtimiz hududiga kirib kelishini oldini olishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan.
Xususan, o‘tgan davrda 3 ta holatda 178 mln. so‘mdan ortiq tovarlarning noqonuniy kirib kelishi oldi olinib, davlat foydasiga o‘tkazilishi ta’minlangan.
Bojxona posti tasarrufida 11 ta bojxona omborlari mavjud bo‘lib, 9 tasi (ochiq turdagi bojxona ombori – har qanday shaxslar foydalanishi mumkin bo‘lgan bojxona ombori), 1 tasi (yopiq turdagi bojxona ombori – litsenziat tovarlarini saqlashga mo‘ljallangan bojxona ombori, qonunchilikda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
Yopiq turdagi bojxona omboriga litsenziat tovarlaridan tashqari uning tarkibiy tuzilmalar tovarlari ham joylashtirilishi mumkin) hamda 1 tasi (Erkin ombor – maxsus jihozlangan va belgilangan joy bo‘lib, binolarning hududini va ochiq maydonchalarni o‘z ichiga oladi hamda tovarlarni erkin ombor rejimida bojxona nazorati ostida saqlashga mo‘ljallangan) turdagi bojxona omborlar hisoblanadi.
Mazkur bojxona omborlarining barchasi videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangan bo‘lib, videotasvirlarni onlayn tarzda Davlat bojxona qo‘mitasi hamda hududiy boshqarmasi orqali kuzatish imkoniyati mavjud.
Press turning navbatdagi manzili Toshkent viloyati, Zangiota tumanida joylashgan «Globalkomsko» qo‘shma korxonasi bo‘ldi. Bu yerda jurnalistlarga korxona faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari, eksport-import jarayonlari, korxonaning kelgusidagi loyihalari bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Korxona pul qog‘ozlari uchun xomashyo ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bo‘lib, 2010 yilda o‘z faoliyatini boshlagan. Hozirda bu yerda 500 nafar ishchilar xizmat qiladi.

Korxonada yiliga 15 ming tonna qog‘oz xomashyosi ishlab chiqarilib, xorijiy mamlakatlarga jumladan Hindiston, Indoneziya, Koreya, Shvetsariya, Niderlandiya davlatlariga eksport amalga oshiriladi. Korxona hududi 10 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, loyiha qiymati 20 mln. yevroni tashkil etadi.
Bundan tashqari, press-turning keyingi manzili Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanida joylashgan "International Paper" MCHJ korxonasi bo‘ldi. Bu yerda ham jurnalistlarga korxona faoliyati, korxonaning kelgusidagi loyihalari bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Korxona har xil qog‘oz turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bo‘lib, 2004 yilda o‘z faoliyatini boshlagan. Hozirda bu yerda 350 nafar ishchilar xizmat qiladi.
Korxonada yiliga 12 ming tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarilib, xorijiy mamlakatlarga jumladan Qozog‘iston, Tojikiston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Turkmaniston davlatlariga eksport amalga oshiradi. Korxona hududi 6.8 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, loyiha qiymati 5.1 mlrd. so‘mni tashkil etadi.
Korxona tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar «Yangiyo‘l» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti orqali xorijiy bozorlarga yo‘naltiriladi.
Tashkil etilgan bu kabi media turlarda jurnalistlar eng avvalo mavzuning ichiga kirib borish va har bir detalni puxta o‘rganish imkoniga ega bo‘lishdi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA