Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasida viloyatda faoliyat olib borayotgan matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda so‘zga chiqqan boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari J.Xatamov davlatimiz rahbarining 2022 yil 20 dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ilgari surilgan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, ilg‘or tajriba asosida bojxona ma’murchiligini isloh qilish hamda tartib-taomillarini soddalashtirish borasidagi vazifalar, 2023 yilda tizimni yanada isloh qilish, tovarlarni deklaratsiyalash jarayonida ko‘rsatiladigan xizmatlarni baholash tartibini joriy etish, 9 bosqichli eksport jarayonini 3 barobarga qisqartirish, bunda “Eksport uch qadamda” loyihasi asosida deklaratsiyalashning qulay va soddalashtirilgan shakliga o‘tish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, boshqarmaning Axborot xizmati rahbari A.Gaffarov 2022 yil davomida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Xususan, o‘tgan 2022 yilda belgilangan reja 592 milliard so‘mga yoki 113 foizga bajarilgan bo‘lib, kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishining 552 ta holatlari bo‘yicha 24 milliard so‘m miqdorida tovarlar ushlab qolingan. Hisobot davrida 23937 ta bojxona deklaratsiyalari rasmiylashtirilgani ta’kidlandi. Bojxona deklaratsiyalarini rasmiylashtiruvdan o‘tkazish vaqti ikki barobarga qisqargan.

Tadbir ishtirokchilariga Bojxona organlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish, kontrabanda va bojxona qonun buzilishlarini oldini olish, ilg‘or texnologiyalar bilan sohani raqamlashtirish, bojxona postlarining infratuzilmasini rivojlantirish, xodimlarga qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Yakunda jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javoblar oldi.
Sh. Suyarov, O‘zA