Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Chuqursoy texnik-idora” temir yo‘l chegara bojxona postida temir yo‘l xodimlari hamda tadbirkorlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartib-taomillarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatini tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga yetkazishga qaratildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, mazkur Farmon bojxona sohasidagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay va shaffof raqamli muhitni yaratishda yangi bosqichni boshlab beradi. Hujjat tadbirkorlarga qo‘shimcha yengilliklar yaratish bilan birga, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda tashqi savdo aylanmasining o‘sishiga xizmat qiladi.
Uchrashuv davomida 2027 yilga qadar bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartib-taomillarini takomillashtirish bo‘yicha belgilangan asosiy maqsadli ko‘rsatkichlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, tovarlarni bevosita chegarada eksport va importga rasmiylashtirish hajmini 2 barobarga oshirish, bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash asosida tovarlarni erkin muomalaga chiqarish hajmini 1,5 barobarga oshirish, vakolatli iqtisodiy operatorlar sonini 200 tadan oshirish hamda bojxona auditi qamrovini 30 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 2026 yil 1 martdan boshlab tovarlarni chegara o‘tkazish punktiga yetib kelgunga qadar dastlabki deklaratsiyalash orqali erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga joylashtirishda bojxona rasmiylashtiruvi uchun undiriladigan bojxona yig‘imi miqdori 20 foizga kamaytirilishi ma’lum qilindi. Bundan tashqari, bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib, kechiktirib to‘lashda 14 kungacha foizlar hisoblanmasligi belgilandi.

Qayd etilishicha, 2026 yil 1 maydan boshlab tovarlarni davriy deklaratsiya orqali rasmiylashtirishda bojxona to‘lovlarini tovarlar respublika hududiga kirib kelganda har bir partiya uchun alohida-alohida to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Uchrashuv davomida temir yo‘l xodimlariga chegara bojxona postlarida joriy etiladigan o‘zgarishlar, dastlabki deklaratsiyalash tartibi hamda ushbu yangiliklarning ular ish faoliyati samaradorligini oshirishdagi ahamiyati bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA