Ma’naviyat va qonuniylikning uyg‘un tarzda qaror topishi jamiyat taraqqiyotining muhim omili hisoblanadi.
Jizzax viloyatining Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh Yangiobod tumanida tashkil etilgan bir qator tadbirlar buning yorqin ifodasi bo‘ldi.

2025 yil 6 sentyabr kuni Yangiobod tumanidagi “Sarmich” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “n” harbiy qismida kitob yarmarkasi o‘tkazildi. Badiiy, tarixiy va ma’naviy-ma’rifiy adabiyotlar namoyish etilgan ushbu ma’rifiy tadbir harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun haqiqiy ma’naviy hodisaga aylandi. Kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishni oshirish, shaxsiy tarkibning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish bu tadbirning bosh maqsadlaridan biri bo‘ldi.

Shuningdek, tumandagi Jo‘langar aholi punktida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi 2023 yil 13 sentyabrdagi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 24 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” gi 597-sonli qarori mazmun-mohiyati yuzasidan aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlari olib borildi.

Chegara qonunchiligi, davlat chegarasining daxlsizligi va uni buzganlik uchun belgilangan javobgarlik masalalari keng muhokama qilindi.
Huquqiy ongni yuksaltirish ishlari shu tumandagi “Uchto‘rg‘on” chegara-bojxona postida ham davom ettirildi.

Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan targ‘ibot yig‘ilishlarida fuqarolar va tadbirkorlarga bojxona qonunchiligidagi yangiliklar, tovarlarni olib o‘tish tartib-taomillari tushuntirildi.
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 19 apreldagi “Ayrim turdagi tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori doirasida jismoniy shaxslar uchun belgilangan bojsiz olib kirish me’yorlari, maxsus tartiblar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari