Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar doirasida bojxona organlarida zamonaviy axborot tizimlari va elektron xizmatlarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Husan Tangriyev kuyidagilarni gapirib berdi.
– O‘zbekistonning tashqi savdo ko‘rsatkichlari hamda chegara bojxona postlari orqali harakatlanayotgan jismoniy shaxslar, tovar va transport vositalari soni oshib borayotgan hozirgi holatda bojxona organlari faoliyatini raqamlashtirish orqaligina bojxona tartibotlarida samaradorlikka erishish mumkin. Shu maqsadda so‘nggi uch yilda bojxona organlari faoliyatiga 23 ta yangi axborot tizimi, 13 ta yangi elektron xizmat, 9 ta mobil ilova joriy etildi. 8 ta davlatning bojxona xizmatlari bilan, shuningdek, 30 dan ziyod vazirlik va idoralar, 39 ta aviakompaniyalar bilan o‘zaro axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi.
Mavjud axborot tizimlariga 250 dan ziyod yangi modullar, o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Dasturiy ta’minotlarning uzluksiz ishlashi uchun 87 ta qurilmalar faoliyati ta’minlandi.
Sohani raqamlashtirish hisobiga eksport tovarlarining 92 foizi va import tovarlarining 74 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirildi. Bunda deklaratsiyalarni inson omilisiz rasmiylashtirish hajmi 16 foizga yetkazilib, bu ko‘rsatkich eksport tovarlariga oid deklaratsiyalar bo‘yicha 42 foizni tashkil qildi.
Xavf darajasi past bo‘lgan 145 mingdan ortiq eksport bojxona deklaratsiyalari rasmiylashtiruvi inson omilisiz o‘rtacha 3-5 daqiqada amalga oshirildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida huquqbuzarlik holatlarini qayd etish bo‘yicha “Bojxona qonunbuzarliklari” avtomatlashtirilgan axborot tizimining yangi talqini ishlab chiqildi.
“Eksport uch qadamda” axborot tizimi ishlab chiqilib, eksport bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirishning 9 bosqichli tartibi 3 barobarga qisqardi. Natijada tadbirkorlarning yuk deklaratsiyasini to‘ldirish vaqti 30 daqiqadan 5 daqiqaga qisqarib, rasmiylashtirish uchun yillik 80 milliard so‘m xarajatlari tejalmoqda.
Chegara bojxona postlari va ularga tutash hududlardagi ob’ektlarning infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va nazorat-texnik vositalari bilan jihozlash ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilda 117 ta bojxona postlari qo‘shimcha ravishda 35 turdagi 18 ming 300 dan ziyod nazorat-texnik vositalar bilan jihozlandi. Jumladan, 23 ta inspeksion ko‘rik majmuasi, 15 ta inson tanasini skaner qiluvchi qurilma, 197 ta rentgen apparati, 159 ta radiatsion portal monitor, 38 ta avto va 8 ta temir yo‘l tarozi, 34 ta avtotransportlarning davlat raqamini aniqlash tizimi, 640 ta planshet, 600 ta GSM ratsiyasi, 154 ta kontrabanda ashyolarini aniqlash jamlanmasi va 423 ta metall-detektorlar bilan ta’minlandi.
Mazkur texnik vositalar ko‘magida 2023-2024 yillarda salkam 300 milliard so‘mlik noqonuniy tovarlar aylanmasi oldi olindi. Xalqaro kurerlik jo‘natmalari hisobini yuritishga qaratilgan axborot tizimini ishlab chiqish, bojxona kuzatuvi jarayonlarida GPS-kuzatuv tizimini joriy etish, “Navoiy”, “Xonobod”, “Uchqo‘rg‘on”, “Dovut-ota” chegara bojxona postlarini zamonaviy rusumdagi avtotarozilar bilan ta’minlash, shuningdek “Transport nazorati” tizimini ishga tushirish ishlari amalga oshirilmoqda.
“G‘ishtko‘prik”, “Navoiy”, “Dovut-ota” chegara bojxona postlarida yangi IT strukturasini yaratish, 5 ta chegara bojxona postlarini inson tanasini skaner qiluvchi qurilma hamda qo‘l yuk va bagajlarni skaner qiluvchi 10 ta rentgen apparati bilan ta’minlash ustida ishlar davom ettirilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA