Xorazm viloyat bojxona boshqarmasining “Urganch” tashqi iqtisodiy fvoliyat bojxona postida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari hamda bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Seminar 2025 yil 17 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan “Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon mazmun - mohiyatiga bag‘ishlandi.
Ta’kidlandiki, mazkur farmonga muvofiq mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlari uchun keng qulayliklar yaratilmoqda. Ushbu hujjat orqali eksport salohiyatini oshirish, tashqi savdo jarayonlarini jadallashtirish, shuningdek, bojxona tartibotlarini soddalashtirish va ularda shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Farmonga muvofiq 2027 yilga qadar tovarlarni bevosita chegarada eksport va importga rasmiylashtirish hajmini 2 barobarga oshirish, bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash asosida tovarlarni erkin muomalaga chiqarish hajmini 1,5 barobarga yetkazish, vakolatli iqtisodiy operatorlar sonini 200 tadan oshirish hamda bojxona auditi qamrovini 30 foizga yetkazish asosiy maqsadlar etib belgilangan.
[gallery-27074]
– Joriy yil 1 martdan tovarlarni ular chegara o‘tkazish punktiga yetib kelguniga qadar dastlabki deklaratsiyalash orqali erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga joylashtirishda bojxona rasmiylashtiruvi uchun bojxona yig‘imi miqdori 20 foizga pasaytiriladi va bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lashda 14 kungacha foizlar hisoblanmaydi, – deydi Xorazm viloyat bojxona boshqarmasi bosh inspektori Ilhom Qurbonov. – 2026 yil 1 maydan tovarlarni davriy deklaratsiya orqali rasmiylashtirishda bojxona to‘lovlarini tovarlar respublika hududiga kirib kelganda har bir partiya uchun alohida to‘lash imkoniyati yaratiladi. 1 iyundan boshlab, tadbirkorlarga bojxona bojini 120 kungacha kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Seminarda 2028 yilga borib yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llanganda ular ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi ham qayd etildi.
– Chunki, birinchi iyuldan boshlab bojxona auditi doirasida audit o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirkorga yo‘l qo‘ygan kamchiliklari to‘g‘risida oldindan xabar bergan holda tadbirkorning o‘zi tomonidan ularni bartaraf etish imkoniyatini beruvchi “maslahatchi auditor” tamoyili yo‘lga qo‘yiladi, – deydi bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassis Sobirjon Sobirov . – 2028 yil 1 yanvardan bojxona sohasidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibi joriy etiladi.
Tadbirda bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, farmonda belgilanganidek, endilikda tovarlarni qadoqlash, o‘rash, saralash va tozalash kabi ayrim qayta ishlash amaliyotlarini amalga oshirish uchun alohida ruxsatnoma talab etilmasligi tadbirkorlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratib, ish jarayonlarini yanada soddalashtirish va xarajatlarni qisqartirishga xizmat qilishi batafsil tushuntirildi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari