Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Bojxona servis” faoliyatida yangi bosqich: marketing va jamoatchilik bilan hamkorlik kuchaymoqda
15:51 / 2025-11-06

Bojxona qo‘mitasining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi tomonidan poytaxtimizdagi “Bojxona servis” davlat muassasasida ishchi uchrashuv tashkil etildi.

Unda asosiy e’tibor mazkur muassasa faoliyatini keng jamoatchilik va biznes vakillari orasida samarali targ‘ib qilish, marketing hamda sotuvlar hajmini oshirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlarni belgilashga qaratildi.

Ta’kidlash joizki, “Bojxona servis” davlat muassasasi faoliyati qamrovi juda keng bo‘lib, hali ishga solinmagan imkoniyatlar ham talaygina.

Muassasa bir qator muhim vazifalarni bajaradi. Jumladan, Bojxona deklaratsiyasi va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirib, Bojxona xizmati organlariga taqdim etadi. Chegara o‘tkazish punktlarini nazorat-texnika vositalari bilan jihozlaydi. Chegaradosh hududlarda mashinalar turar joyi tashkil etadi.  

Davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulkni saqlash va sotish ishlarini amalga oshiradi. Shuni tan olish kerakki, keng jamoatchilik, ayniqsa biznes vakillari hamda ishbilarmon doiralar “Bojxona servis” davlat muassasasi haqida yetarlicha ma’lumotga ega emas. Bu esa tashkilotning marketing, reklama va jamoatchilik bilan aloqalar sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish zaruratini ko‘rsatmoqda.

Shu maqsadda muassasaning marketing va reklama ishlarini tashkil etish bo‘limiga malakali mutaxassislar jalb qilindi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish orqali “Bojxona servis”ning xizmatlari keng jamoatchilikka yetkazilishi hamda faoliyat samaradorligi oshishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 8 noyabr kuni “Bojxona servis” davlat muassasasi tashkil etilganiga uch yil to‘ladi. 2022 yilning shu sanadagi Hukumat qaroriga muvofiq, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish jarayonida tadbirkorlik sub’ektlari va jismoniy shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida mazkur muassasa faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi.

Bugun esa “Bojxona servis” mamlakat bojxona tizimida muhim zveno sifatida faoliyat ko‘rsatib, tadbirkorlik muhitini yaxshilash va eksport-import jarayonlarini soddalashtirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA