Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bojxona rekordi: 10 oyda 60,7 trillion so‘m tushum va 1 trillion so‘mlik noqonuniy tovar ushlandi
12:27 / 2025-11-14

Bojxona qo‘mitasida joriy yilning 10 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Husan Tangriyev ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Unda bojxona organlari tomonidan soliq tushumlari, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va noqonuniy aylanmaga qarshi olib borilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Joriy yilning yanvar–avgust oylarida chegara-bojxona postlari orqali 1,5 millionga yaqin yuk avtotransporti (+25%), 670 mingdan ortiq yukli vagon (+14%) va 50,5 million yo‘lovchi (+10%) harakatlandi.

Shu davrda 946 mingdan ortiq bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirildi, bu esa eksport va importdagi faollikning sezilarli darajada oshganini ko‘rsatadi.

Tadbirkorlarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash maqsadida 12 mingdan ortiq tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga 47 trillion so‘mlik bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar va preferensiyalar qo‘llanildi. 400 dan ziyod biznes sub’ektlariga 4,8 trillion so‘mlik bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lashga ruxsat berildi.

Bu choralar sohada investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Joriy yilning 10 oyida davlat byudjetiga 60,7 trillion so‘mlik bojxona to‘lovlari o‘tkazilib, belgilangan reja 101,3 foizga bajarildi. Bu ko‘rsatkich bojxona tizimi samaradorligini namoyon etadi.

Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish doirasida 34,6 ming holat aniqlandi. Jami 1 trillion so‘mga yaqin tovarlar noqonuniy aylanmadan olindi.

Mamlakat aholisi xavfsizligini ta’minlash uchun giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, o‘qotar va sovuq qurollar hamda tamaki mahsulotlari ushlab qolindi.

Bojxona deklaratsiyalari raqamlashtirilgan holda rasmiylashtirilishi eksportda 94 foiz, importda 85 foizni tashkil etdi. Bu jarayonda inson omilisiz rasmiylashtirish: eksportda 45 foiz, importda esa 6 foizni tashkil qildi.

Bojxona hududida qayta ishlash rejimi kengaymoqda. Ushbu rejimdan foydalangan tadbirkorlar soni 443 nafar, ular 979 million dollarlik tovarlar joylashtirgan. Natijada qayta ishlangan 1,2 milliard dollarlik mahsulot (+43%) eksport qilindi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA