Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bojxona: rejalar, muammolar va natijalar
10:10 / 2025-06-21

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B.Muratov boshchiligida navbatdagi sayyor o‘rganish issiqlik elektr energiyasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “AKSA Enerji Bukhara” MCHJda bo‘lib o‘tdi. Unda bojxona organi mas’ullari korxona faoliyati bilan bevosita tanishdi.

Muloqot chog‘ida, ayniqsa, xorijdan olib kelinadigan butlovchi va zaruriy ehtiyot qismlarning bojxona rasmiylashtiruvi o‘z vaqtida va soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilishi muhimligi alohida ta’kidlandi.

Korxona barpo etilish jarayonida xorijdan 23,1 million AQSH dollari qiymatidagi ilg‘or texnologik uskunalarni olib kirgan. Shu jarayonda qariyb 11 milliard so‘mlik bojxona to‘lovlaridan imtiyoz asosida ozod qilingan.

Sayyor uchrashuv davomida korxona vakillari kelgusida rejalashtirilayotgan ta’mirlash ishlari uchun zarur texnik vositalarni ham aynan bojxona imtiyozlaridan foydalanish orqali olib kirishni reja qilgani aytildi.

Shuningdek, hududlar kesimida  eksport salohiyatini oshirish va tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan tizimli ishlar davom etmoqda.

Xususan, Buxoro shahrida faoliyat yuritayotgan “ARTEL ELECTRONICS MANUFACTURING” MCHJda o‘tkazilgan sayyor o‘rganish bunga yaqqol misoldir. Unda ikki tomon vakillari korxonaning ishlab chiqarish quvvati, eksport salohiyati va bojxona rasmiylashtiruv jarayonlari haqida atroflicha fikr almashdi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon korxona tomonidan umumiy qiymati 8 million AQSH dollariga teng bo‘lgan, 2 364 tonna elektronika va maishiy texnika buyumlari eksportga rasmiylashtirilgan. Bu ko‘rsatkich  tabiiyki, korxonaning xalqaro bozordagi faol ishtirokini tasdiqlaydi.

Shuningdek, tadbir davomida bojxona organi vakillari tomonidan korxona mutasaddilariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.