Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bojxona qonunchiligi ta’minlanmoqda
22:09 / 2024-04-15

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan joriy yilning birinchi choragida amalga oshirilgan sa’y-harakatlar tufayli joylarda murojaat qilayotgan fuqarolar va tadbirkorlarga zamonaviy talablar darajasida xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.

Xususan, Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili davlat dasturi ijrosi bo‘yicha 3,3 trillion so‘mlik bojxona to‘lovlari hisoblanib, shundan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bojxona to‘lovlaridan 1,6 trillion so‘m imtiyozlar berildi. Qolgan mablag‘lar belgilangan tartibda davlat byudjetiga o‘tkazilishiga erishildi. 

O‘z navbatida 461,9 million dollardan ortiq bo‘lgan tovarlar xorijiy mamlakatlar bozorlariga yo‘naltirilgan, 32 ming 170 ta bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirildi. 

Soha mutaxassislari tomonidan Bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishinining oldini olish, aniqlash va ularga chek qo‘yish, kontrabandaga qarshi kurashish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Ayniqsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda giyohvand vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish yo‘nalishida 25 ta holatda 10,9 kilogramm giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bundan tashqari, tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida 806 ta holatda 36,1 milliard so‘mga teng tovarlar ushlab qolindi.

Qonunbuzilish holatlari tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, birgina xorijiy brendlar nomi ostida sifatsiz, qalbaki kosmetika va parfyumeriya vositalari bilan bog‘liq holatda 10 milliard so‘mdan ziyod mahsulotlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. 

Bugungi kunda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona to‘lovlarini to‘liq ta’minlash, mahsulotlarni qayta ishlash yo‘nalishini kuchaytirish orqali eksportni ko‘paytirish, xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish ishlarini muvofiqlashtirish va oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish yo‘nalishlarida tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. 

Raqamlarga ko‘ra, 2024-yil boshidan bugungacha Toshkent viloyati hududidagi 31 dan ziyod tadbirkorlik subyekti tomonidan xorijdan olib kelingan 106,5 ming tonna xomashyo, qiymati qariyb 50,23 million dollarga teng bo‘lgan mahsulotlar “bojxona hududida qayta ishlash” rejimiga joylashtirilgan. Shundan so‘ng xorijga yuborilgan tayyor mahsulotlar qiymati 105,16 million dollarni tashkil etgan. 

A.Musayev, O‘zA muxbiri