English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bojxona qonunchiligi: o‘zgarish va imtiyozlar
13:21 / 2023-04-07

Navoiylik bojxonachilar tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan sub’ektlar faoliyati bilan yaqindan tanishish jarayonida bojxona qonunchiligidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida tushunchalar bermoqda.

Jumladan, Navoiy shahridagi “TIANCHENG STONE” MCHJda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Prezidentimizning 2022 yil 25 apreldagi “Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi qo‘llanilishini soddalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni va 2022 yil 12 oktyabrda qabul qilingan “Sanoat ishlab chiqarishida xom ashyo uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha qulayliklarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq bojxona hududida qayta ishlash rejimi bo‘yicha yaratilgan qulayliklar mazmun-mohiyati tushuntirib o‘tildi.  

– 2022 yil 25 aprelda qabul qilingan“ Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi qo‘llanilishini soddalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Prezident farmoniga ko‘ra, 2022 yil 1 maydan boshlab tovarlarni qadoqlash, o‘rash (shu jumladan, qayta o‘rash), saralash, tozalash, boshqa tovarlarga moslashtirish va uskunalarni modernizatsiya qilish bojxona hududida qayta ishlash operatsiyalari hisoblanadi, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari A.Rahmonov. – Tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirishda tovarlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini majburiy tasdiqlash hamda sanitariya-epidemiologik xulosani taqdim etish talab etilmaydi. Qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normalari agar ushbu normalar belgilangan tartibda tasdiqlanmagan bo‘lsa, ularni qayta ishlash texnologiyasi, ishlab chiqarish va (yoki) yuk operatsiyalaridagi yo‘qotishlarni hisobga olgan holda, qayta ishlovchi sub’ekt tomonidan tasdiqlanadi va bojxona organiga taqdim etiladi.  

Shu bilan birga aynan bir xil turdagi tovarlarni qayta ishlash bo‘yicha kontraktlar sonidan qat’i nazar, 2 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga bojxona organi tomonidan umumiy ruxsatnoma beriladi. Bunda, har bir qayta ishlash operatsiyasi (kontrakt) uchun chiqish normasi taqdim etiladi. Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari va vakolatli iqtisodiy operatorlar uchun bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta’minlash tartibi qo‘llanilmaydi va qayta ishlash jarayonida hosil bo‘ladigan chiqindilarni “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirishda bojxona boji undirilmaydi.

Mazkur korxona xitoylik hamkorlar ko‘magida 2018 yilda tashkil etilgan bo‘lib, granit toshini qayta ishlash bilan shug‘ullanadi. Hozirda korxona tomonidan Xatirchi tumani “Ko‘ksaroy” hududida joylashgan granit kareridan bir oyda 13 ming m3dan ziyod qurilishbop granit toshi qazib olinmoqda. Ishlab chiqarilgan mahsulotning 70 foizi eksport, 30 foizi esa ichki bozorga yo‘naltiriladi.  

Korxona tomonidan 2022 yilda 7 million 109 ming dollarlik mahsulot xorijga eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilning birinchi choragida ushbu ko‘rsatkich 792 ming dollarni tashkil etdi.  

A.Bo‘riyev, O‘zA