Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bojxona qo‘mitasida mukofotlar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi
10:17 / 2025-08-28

Bojxona qo‘mitasida mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov mustaqillik Vatanimiz va xalqimiz hayotida ulkan o‘zgarishlar yaratgani, uning yurt taraqqiyoti yo‘lidagi muhim ahamiyati va qadr-qimmati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda izchil davom etayotgan islohotlar doirasida birgina bojxona sohasining o‘zida ham juda katta ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi.  

Misol uchun, oxirgi uch yarim yilda ishga tushirilgan 26 ta yangi axborot tizimlari ko‘magida bojxona tartibotlari tubdan isloh qilinib, nazorat va rasmiylashtiruv jarayonlari keskin soddalashdi.

Eksport deklaratsiyalarining 93 foizi, import deklaratsiyalarining 73 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirildi. Bunda deklaratsiyalarni inson omilisiz rasmiylashtirish hajmi eksportda 40 foizni tashkil qildi.

Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bojxona to‘lovlaridan qo‘llanilgan imtiyozlar, bo‘lib to‘lashga ruxsat berilgan to‘lovlar 30 foiz yoki 18 trillion so‘mga oshdi. Shunga qaramay davlat byudjetiga o‘tkazilgan bojxona tushumlari 90 foizga yoki 30 trillion so‘mga ortdi.

Mamlakatimizning iqtisodiy xavfsizligini himoya qilish borasida respublikamiz bojxonachilari tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar hamisha o‘zining munosib e’tirofini topib kelmoqda.  

Bu yil ham Prezidentimiz farmoni bilan mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivoji va uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini yanada oshirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun takdirlangan yurtdoshlarimiz safida 4 nafar bojxona xodimlarining borligi yuqoridagi fikrimizning yorqin tasdig‘idir.  

Tadbirda ushbu mukofotlar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, xizmat vazifalarini namunali bajarib kelayotgan bir guruh bojxona xodimlariga ham navbatdagi unvonlar topshirildi.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA