Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bojxona qo‘mitasi telefonlarni deklaratsiyalash tufayli aeroportda yuzaga kelgan navbatlarga izoh berdi
16:33 / 2025-02-21

Toshkent aeroportida mobil qurilmalarni UzIMEIdan o‘tkazish sababli paydo bo‘lgan navbatlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Bojxona qo‘mitasining izohiga ko‘ra, mazkur masalada Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini tashkil etish hamda Axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlikni ta’minlash boshqarmalari, “Toshkent-Aero” IBK mutasaddilari vaziyatni joyiga chiqqan holda o‘rganish o‘tkazdi. Jarayonga O‘zbekiston telekommunikatsiyalari tarmoqlarini boshqarish respublika markazi (tizim operatori) vakillari ham jalb etildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 26 oktyabrdagi 563-son qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan mobil qurilmalarni olib kirishda bojxona to‘lovlari undirilmaydigan cheklangan me’yorlaridan qat’iy nazar, mobil qurilmalarning o‘ziga xos identifikatsiya kodlari (IMEI kodi) ko‘rsatilgan holda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi to‘ldiriladi. Ushbu deklaratsiya mobil qurilmalarni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishda asos hisoblanadi. Buning uchun mazkur tizim Bojxona qo‘mitasining Ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilingan. Havo yo‘llari orqali harakatlanayotgan yurtdoshlarimizga qulayliklar yaratish maqsadida aeroportning o‘zida yo‘lovchilar tomonidan to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyalari asosida mobil qurilmalarni UzIMEI operatorlari tomonidan tizimda ro‘yxatga olish yo‘lga qo‘yilgan. Navbatlarning oldini olish maqsadida ushbu jarayonga jalb qilingan xodimlar va operatorlar soni oshirildi. 

Bojxona qo‘mitasining Ma’lumotlar bazasi va UzIMEI tizimi integratsiyasida ham qator texnik choralar amalga oshirilib, o‘zaro axborotlar almashinuvining yanada tezlashuviga erishildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, yo‘lovchilar mobil qurilmalarni bevosita aeroportning o‘zida ro‘yxatdan o‘tkazishlari majburiy hisoblanmaydi. Mobil qurilmalar olib kelinganda to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida yo‘lovchilar mobil qurilmalarni O‘zbekistonga kirib kelganlaridan so‘ng 30 kun, chet elliklar esa 60 kun davomida o‘zlariga qulay fursatda UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin.

Shuningdek, kelgusida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini onlayn to‘ldirishni yo‘lga qo‘yish, buning uchun mobil ilovalar ishlab chiqish ustida ham ishlar boshlab yuborilgan. Yaqin kunlarda deklaratsiyani onlayn to‘ldirish test rejimida ishga tushiriladi, xalqaro aeroportlarning uchib kelish zallariga deklaratsiyani onlayn to‘ldirishga mo‘ljallangan infokiosklar o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Sh.Mamaturopova, O‘zA