Toshkent shahar bojxona boshqarmasining «Sirg‘ali» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida 2024 yil 25 iyundan bojxona ko‘riklarini bojxona xodimlariga avtomatik taqsimlash tizimi sinov tarzida ishga tushirildi.
Xabaringiz bor, davlatimiz rahbarining farmoni bilan 2022 yil 1 dekabrdan boshlab, bojxona ko‘rigi jarayonlarini qamrab olgan mobil elektron tizim ishga tushirilgan edi.
O‘tgan qisqa muddat davomida mazkur tizim rasmiylashtiruv vaqti va tadbirkorlarning xarajatlarini tejash, ko‘rik jarayonlarini real vaqt rejimida nazorat qilish va uning natijalarini qayd etish imkonini berdi.
Shu vaqtga qadar tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida tadbirkorlarning yuklarini bojxona ko‘rigidan o‘tkazishni xodimlarga taqsimlash asosan post boshlig‘i tomonidan amalga oshirilar, bunda inson omili saqlanib qolayotgan edi. Yangi tizim esa ayni shu holatni bartaraf etadi.
Natijada, bojxona ko‘riklari post miqyosida xodimlarga teng taqsimlanadi. Shuningdek, xodimlarning doimiy ravishda aynan bir tadbirkorlarning yuklarini surunkali bojxona ko‘rigidan o‘tkazishi kabi holatlarga chek qo‘yiladi.
Ma’lumki, bojxona ko‘riklari nafaqat post hududida, balki bir-biridan turli masofada joylashgan bojxona omborlarida hamda tadbirkorlik sub’ektlari korxonalarida o‘tkaziladi. Shu sababli, yangi tizim ko‘rik jarayonlarini xodimlarga taqsimlashda qulay lokatsiyani inobatga oladi. Ya’ni, bojxona xodimi bir ko‘rikni tugatar ekan, tizim avtomatik ravishda keyingi ko‘rikni unga yaqin manzildan tanlaydi. Bu esa eng avvalo, ish vaqtidan samarali foydalanish, pirovardida bojxona ko‘rigiga sarflanadigan vaqtni qisqartirish imkonini beradi.
Yana bir jihat – ilgari post boshlig‘i xodimlarga bojxona ko‘rigini taqsimlar ekan, xodimlar qaysi tadbirkorning yukini ko‘rikdan o‘tkazishi haqida oldindan ma’lumotga ega bo‘lishar edi. Endi esa xodim qaysi tadbirkorning tovarlarini bojxona ko‘rigidan o‘tkazishini oldindan bilmaydi.
Shu o‘rinda tadbirkorlarimiz ham o‘zlarining shaxsiy elektron kabinetlari orqali tashqi savdo yuklarining bojxona ko‘rigi qachon o‘tkazilishi haqida ma’lumotlarga ega bo‘lib bormoqda. Natijada, ularning bojxona postiga kelishi va bojxona ko‘rigiga chiqadigan xodimni kutib turishlariga ham hojat qolmaydi.
Ushbu tizim birinchi navbatda bojxona postida boshliq va xodimlar o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvining oldini oladi, bojxonachilar va tadbirkorlar o‘rtasidagi korrupsion omillarni qisqartiradi.
Sinov tarzida ishga tushirilgan mazkur tizimni takomillashtirish yuzasidan «Sirg‘ali» bojxona postida tadbirkorlardan ham taklif va mulohazalar olinmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA