Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qashqadaryoda
08:15 / 2026-02-21

Qashqadaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O.Choriyev hamda boshqarma boshlig‘i I.Pardayev ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir Qarshi shahrida tashkil etildi.

Uchrashuv davomida tashqi iqtisodiy faoliyatda “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi qo‘llanilishining ijobiy samarasi, uning tadbirkorlar uchun yaratayotgan qulayliklari amaliyotdagi misollar orqali atroflicha tushuntirib berildi. Ta’kidlanganidek, ushbu rejim doirasida xomashyo va tovarlar bojxona to‘lovlarisiz olib kirilib, hududda qayta ishlanadi hamda tayyor mahsulot sifatida eksport qilinadi.

Bu esa ishlab chiqaruvchilarga aylanma mablag‘larni tejash, mahsulot tannarxini pasaytirish va raqobatbardosh tovar ishlab chiqarish imkoniyatini yaratadi. Qayd etilishicha, ayni paytda viloyatda 23 ta korxona mazkur rejimdan unumli foydalanib kelmoqda. Natijada 22 million AQSH dollaridan ortiq qiymatdagi mahsulot qayta ishlanib, tayyor holda 12 dan ortiq davlatlarga eksport qilingan.

Shuningdek, uchrashuvda bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini yanada soddalashtirish, elektron xizmatlar ko‘lamini kengaytirish hamda tadbirkorlar bilan ochiq va shaffof muloqotni kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan yangiliklar xususida ham ma’lumot berildi. Tadbirkorlar tomonidan logistika, rasmiylashtirish muddatlari, imtiyozlar va amaliyotda uchrayotgan ayrim masalalar yuzasidan savollar o‘rtaga tashlandi.

Bildirilgan har bir murojaat atroflicha ko‘rib chiqilib, ularning amaliy yechimi bo‘yicha mutasaddilarga aniq vazifalar belgilab berildi. Uchrashuv tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, eksport salohiyatini oshirish va davlat idoralari bilan ishbilarmonlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.

O'lmas Barotov, O‘zA muxbiri