Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasining shaxsiy xavfsizlik xodimlari tomonidan bojxona postlarida doimiy ravishda profilaktik tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda.
Navbatdagi tadbir “Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l hamda “Dovut-ota” avto bojxona postida inspektor xodimlar va bojxona posti orqali harakatlanayotgan yo‘lovchi fuqarolar o‘rtasida o‘tkazildi. Ushbu tadbir bojxona xodimlari orasida sog‘lom muhitni yaratish, tamagirlik va korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuv davomida har bir xodimning ish samaradorligi uning ruhiy osoyishtaligi, xotirjamligi va hamkasblar o‘rtasidagi muhitga bog‘liqligi hamda ruhiy tushunmovchilik, yetishmovchiliklar xodimning korrupsiya illatiga moyilligini shakllantiruvchi sabab bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi.

Bojxona xodimlari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, post infratuzilmalari tubdan yangilangani, xodimlar faqat xolis xizmat o‘tashi va tizimda ish samaradorligining oshishi, korrupsiya yo‘liga kirib qolmaslik uchun bir-biriga hushyor bo‘lishi va hamkorlikda kurashish lozimligi haqida tushuntirishlar berildi. Halol, pok xizmat evaziga kelayotgan rizqdan yaxshisi bo‘lmasligi haqiqat ekanligi eslatildi.
O‘tkazilgan davra suhbatlari chegara bojxona postlarida xizmat qilayotgan inspektorlar uchun ma’naviy va amaliy qimmatga ega bo‘lgani shuhbasiz.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri