Bojxona postida yirik miqdorda dori vositalari to‘xtatib qolindi
Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Shaxsiy xavfsizlik guruhi tezkor vakili hamda Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tezkor tuzilmalari tomonidan oldindan olingan tezkor ma’lumotga asosan, yurtimizga o‘tish uchun «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona postiga piyoda holda kirib kelgan fuqaroning qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilgan.
Unda bojxona nazoratiga taqdim qilinmagan, umumiy qiymati 908 mln. so‘mdan ziyod 3 ming 944 dona har xil nomli dori vositalari, 2 dona konteynerda «Termo-Kont MK» nomli sovituvchi element hamda 12 dona «Rich creme» nomli soch bo‘yoqlari borligi aniqlandi.
Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, qonunchilikka muvofiq, dori vositalarini va tibbiy buyumlarni realizatsiya qilish faqat dorixonalar tomonidan amalga oshiriladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA