Butun mamlakatimiz bo‘ylab yo‘lga qo‘yilgan milliy ruhni ulug‘lovchi “Xon Atlas” festivalida qoraqalpog‘istonlik bojxonachi ayollar ham o‘zgacha shukuh bilan ishtirok etishdi.
Odatda harbiy kiyimda xizmat burchini bajaruvchi bu jasur ayollar, bugun milliy qadriyatlarimiz targ‘ibotchisi sifatida ham namoyon bo‘ldi. Ular nafaqat yurtimiz sarhadlarini qo‘riqlaydi, balki madaniy merosimizni asrab-avaylab, uni kelajak avlodga yetkazishda ham faollik ko‘rsatishmoqda.

Milliy liboslarimizda xalqimizning ming asrlik o‘tmishi, urf-odat va an’analari, didi, estetik qarashlari shuningdek, o‘ziga xos xususiyatlari mujassamligini namoyon etish, milliy qadriyatlarimizni mazmunan boyitish maqsadida “Xon atlas” festivalini o‘tkazish an’anaga aylangan. Ushbu an’anani keng targ‘ib qilish maqsadida eng chekka chegara postlarida xizmat qilayotgan bojxonadagi ayollarning bunday tadbirlarda ishtirok etishi ularning jamiyatdagi faol o‘rni, madaniy merosga bo‘lgan hurmati va milliy qadriyatlarga sodiqligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Festival shukuhi ularning xizmat faoliyatiga ham milliy rang-baranglik bag‘ishlab, bojxona postlarini an’ana va zamonaviylik uyg‘unlashgan maskanga aylantirdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri