Ma’lumki, so‘nggi bir yil davomida bojxona ma’muriyatchiligini yangi bosqichga olib chiqish, bojxona yuk operatsiyalarini raqamli transformatsiya qilish orqali inson omilini keskin qisqartirish, korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish maqsadida 30 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Xususan, davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 apreldagi “Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan bojxona organlarini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish dasturi tasdiqlandi. Dasturga binoan 2022 yil 1 sentyabrdan xalqaro standartlarga muvofiq “Komplayens nazorat” tizimini to‘laqonli ishga tushirish hamda xodimlarning ushbu tizim bo‘yicha bilim va malakasini oshirish yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, o‘tgan yil 1 iyundan kadrlarni ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida tanlash, bunda, tanlov jarayonlari natijalarini internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida e’lon qilib borilishi ta’minlandi.
Bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-saytida “Bojxona organlari xizmatiga ishga joylashish” onlayn sahifasi ishga tushirildi. 2022 yil 1 iyuldan e’tiboran, bir bojxona postida uch yildan ortiq xizmat o‘tagan xodimni rotatsiya qilish tartibi joriy etildi. Rotatsiya tartibi qo‘llaniladigan lavozimlar ro‘yxati va mezonlarini aniq belgilash asosida ushbu mexanizm takomillashtirildi.
Ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlariga to‘liq rioya etish hamda bojxona tizimi faoliyatida ochiqlik prinsiplariga amal qilish darajasini oshirish bo‘yicha bojxona xizmati organlari faoliyatining ochiqligi konsepsiyasi qabul qilindi.
Korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etish hamda inson omilini qisqartirish maqsadida bojxona tartib-taomillarini amalga oshirishning avtomatlashtirilgan tizimlari joriy etildi. Xususan, 12 ta yangi axborot tizimlari,13ta yangi elektron xizmat, 6 ta mobil ilovasi ishlab chiqildi.
Bojxona organlarida “Korrupsiyaviy xavflarni boshqarish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqilib, dastur yordamida xodimlar faoliyatidagi korrupsiyaviy holatlar, shubhali vaziyatlar va umuman korrupsiyaga imkon yaratishi mumkin bo‘lgan bo‘shliqlar avtomatik aniqlab borilmoqda.
Shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari hamda fuqarolarga bojxona organlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarni baholash bo‘yicha “Bojxona xizmatini baholash” mobil ilovasi ishlab chiqildi.
Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarida inson omilini qisqartirish orqali bojxona xodimi va tashqi iqtisodiy faoliyat sub’ekti o‘rtasidagi bevosita muloqotga barham berish maqsadida masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postlari tashkil etildi.
Bu borada, joriy yilning sentyabr oyida Bojxona qo‘mitasida Markazlashtirilgan “Masofaviy elektron deklarasiyalash” bojxona posti faoliyati yo‘lga qo‘yilib, hozirda ushbu bojxona postida respublika bo‘yicha jami deklarasiyalarning 50 foizi rasmiylashtirilmoqda.
Shuningdek, bojxona ko‘rigi natijalari planshet yordamida tasdiqlanishi, GPS monitoring va videokuzatuv orqali xodimlar faoliyatini nazorat qilish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, xavf darajasi past bo‘lgan deklarasiyalar inson omili ishtirok etmagan holda avtomatik tarzda rasmiylashtirilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tomonidan jami 68 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, 3 ta holatda korrupsiyaga qarshi qabul qilingan ichki tartib-qoidalar buzilganligi holati aniqlangan. 26 marotaba xizmat tekshiruvlari o‘tkazilib, 54 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 3 nafar xodim bojxona organlari xizmatidan bo‘shatildi.
Kelgusida ham bojxona organlari bilan jamoatchilik, nodavlat tashkilotlar o‘rtasida yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali bojxona organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligi oshiriladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA