English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bojxona organlari faoliyatining shaffofligi va samaradorligi – iqtisodiyotda investitsiyaviy jozibadorlikni kuchaytiradi
13:35 / 2025-06-29

Bojxona sohasidagi islohotlarning samaradorligini baholashda bevosita tadbirkorlarning fikri muhim. Bu transchegaraviy savdoni yengillashtirish va tadbirkorlarga yanada qulayliklar yaratish bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Sohada kutilayotgan o‘zgarishlar xususida Toshkent viloyati bojxona posti Bojxona audit bo‘lim boshlig‘i Kamolidin Ismoilovning fikrlarini oldik. 

– Bojxona yo‘nalishida tadbirkorlarga qulayliklar yaratish hal qiluvchi ahamiyatga ega, – deya fikrini boshladi mutaxassis. – Shu sababli Bojxona qo‘mitasi huzurida Tadbirkorlarning maslahat kengashi faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi. Tadbirkorlar tomonidan mazkur taklif qo‘llab-quvvatlanib, кенгаш tarkibi ham tasdiqlandi. Bojxona qo‘mitasining Tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i kengash kotibi sifatida belgilandi.

Prezidentimizning 2024 yil 14 noyabrdagi «Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, soliq va bojxona organlari tomonidan «Xavfni tahlil qilish» elektron tizimi Soliq va Bojxona kodekslariga muvofiq yuritiladi. 

Darhaqiqat, yurtimizda bojxona xizmatining samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlar asosida yangi tizim joriy etilayotgani e’tirofga loyiq. Jumladan, 2025 yil 25 martda qabul qilingan “Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra 1 iyuldan boshlab veterinariya va fitosanitariya sohasida tashqi savdo yuklariga tegishli hujjatlarga muhr va shtamp bosish bekor qilinadi, ularni yozma tarzda ro‘yxatga olish amaliyoti to‘xtatiladi. Tovarlar eksportida barcha tartibotlar elektron shaklda tasdiqlanadi. 

Jahon savdo tashkilotining Savdo tartibotlarini soddalashtirish bitimi talablari asosida tovarlarga nisbatan bojxona organlarining dastlabki qarorlari 1 iyuldan joriy etiladi. 

1 sentyabrdan esa tadbirkorlar bojxona to‘lovlari va boshqa rasmiylashtiruv to‘lovlarini respublika bo‘ylab istalgan hududdan amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladi, bu uchun yagona g‘azna hisobvarag‘i ochiladi. 

Tadbirkorlar uchun qulaylik yaratish, bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar davomi sifatida 1 dekabrdan boshlab qayta ishlash rejimlarida bojxona deklaratsiyalari soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtiriladi, “Tolling operatsiyalari” moduli joriy qilinadi. Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonlarida qo‘llaniladigan asbob-uskunalarning ehtiyot qismlari va materiallari majburiy muvofiqlikni baholamasdan, ishlab chiqaruvchilarning kafolati ostida muomalaga chiqarilishiga ruxsat berildi. 

Bundan tashqari, bojxona sohasiga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi, xavfni boshqarish avtomatlashtiriladi va kontrabandaga qarshi samarali kurashish tizimi takomillashtiriladi. 

Maqsad – 2030 yilgacha Jahon bankining Logistika samaradorligi indeksida O‘zbekistonning o‘rnini sezilarli darajada oshirishdir. O‘z o‘rnida ushbu o‘zgarishlar tadbirkorlik muhitini yengillashtirish, tashqi savdoni rag‘batlantirish va bojxona rasmiylashtiruvini tezlashtirishga xizmat qiladi. 

Bojxona organlari faoliyatining shaffofligi va samaradorligi oshishi – iqtisodiyotda investitsiyaviy jozibadorlikni kuchaytirishga yo‘naltirilgan muhim qadamlar sifatida baholanadi.

O‘zA muxbiri Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi.