Bojxona qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi Hay’at yig‘ilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasidan kelib chiqadigan muhim vazifalar hamda bojxona organlarining 2025 yildagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlandi.
Yig‘ilishda Qo‘mita raisi A.Mavlonov dastlab Murojaatnomada belgilangan 2026 yilda respublikada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan eng muhim ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, kelgusi yilda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratni kuchaytirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilishi, ushbu illatga qarshi kurashish bo‘yicha “favqulodda holat” e’lon qilingani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan bojxona organlari shaxsiy tarkibidan bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarida belgilangan barcha talablarga so‘zsiz rioya etish qat’iy talab qilindi.
Murojaatnomada mamlakat iqtisodiy rivojini ta’minlashga qaratilgan qator taklif va tashabbuslar ilgari surilgan bo‘lib, ular bojxona organlari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Xususan, erkin iqtisodiy zonalarga dunyoning mashhur brendlarini jalb etish, mazkur zonalardagi korxonalarda xalqaro texnik reglamentlar, ekologik va mehnat standartlarini joriy etish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, ushbu sub’ektlar uchun maxsus — imtiyozli investitsiyaviy, soliq, bojxona va huquqiy rejim joriy qilinib, xalqaro huquq doirasida arbitraj nizolarini ko‘rib chiqish imkoniyati ta’minlanadi.

Soliq, bojxona, sanitariya-epidemiologiya xizmati, standartlashtirish, karantin, qurilish nazorati inspeksiyasi, yong‘in xavfsizligi kabi jami 17 turdagi tekshiruvlarda “bodi-kamera”dan foydalanish majburiy etib belgilandi.
Shu bilan birga, “O‘zbekiston merosi mehmonxonalari” dasturi ishga tushirilishi, dastur ishtirokchilariga yer, mulk, foyda soliqlari hamda bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berilishi ma’lum qilindi.
Qo‘mita raisi ushbu vazifalardan kelib chiqib, tadbirkorlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, ular bilan ishlash amaliyotini mahallagacha tushib tashkil etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Yig‘ilishda Murojaatnomada Prezidentimiz tomonidan giyohvandlik illatiga alohida e’tibor qaratilgani, uning aholi genofondi uchun eng katta tahdidlardan biriga aylanib borayotgani qayd etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil davomida bojxona organlari tomonidan 1,8 tonnadan ortiq giyohvandlik vositalari hamda 1,1 tonnadan ziyod kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Shu bilan birga, ushbu natijalar bilan cheklanib qolmasdan, transchegaraviy va virtual xususiyatga ega narkotik savdosi jinoyatlarini aniqlashda yangi usullarni joriy etish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni chuqur o‘zlashtirish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, giyohvandlikning zararli oqibatlarini ta’sirchan va samarali usullarda yoritish, profilaktik tushuntirish ishlarini chegaradan o‘tayotgan yo‘lovchilar hamda mahallalarda yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Hay’at yig‘ilishida bojxona tizimini isloh qilish, tashqi savdoda mavjud to‘siqlarni qisqartirish hamda bojxona xizmati samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 17 dekabrda qabul qilingan “Bojxona ma’muriychiligi va tashqi savdo tartib-taomillarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazkur yo‘nalishda yangi va muhim vazifalarni belgilab bermoqda.
Jumladan, bojxona organlari faoliyatida nazorat, tahlil va xavflarni baholash tizimlarining zamonaviy shakllaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirish, tashqi savdoni erkinlashtirish maqsadida 40 ga yaqin maqsadli ko‘rsatkich va topshiriqlarni qamrab olgan, 62 banddan iborat kompleks dastur tasdiqlandi.
Dastur ijrosi doirasida 30 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish, 7 ta bojxona ob’ektining moddiy-texnika bazasini yaxshilash, ularni rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, shuningdek, axborot tizimlarini 28 ta vazirlik va idoralar platformalari bilan integratsiya qilish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifa va topshiriqlar belgilab berildi.
Yig‘ilishda 2025 yil davomida sohada erishilgan natijalar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda kelgusi yil uchun rejalar har tomonlama, bandma-band muhokama qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda qariyb 14 ming nafar tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga moliyaviy holatini mustahkamlash maqsadida 59 trillion so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanildi. Shuningdek, 400 dan ortiq tadbirkorga qariyb 6 trillion so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lashga ruxsat berildi.
Natijada davlat byudjetiga 76 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ o‘tkazilib, tushumlar hajmi 21 foizga oshdi.
Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish doirasida 42,4 mingdan ziyod holatda umumiy qiymati 1,1 trillion so‘mdan ortiq bo‘lgan tovarlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Jumladan, 137 milliard so‘mlik zardevor buyumlar, 84 milliard so‘m ekvivalentidagi valyuta qimmatliklari hamda 47 milliard so‘mlik tamaki mahsulotlari musodara qilindi.
Mamlakat aholisining xavfsizligini ta’minlash maqsadida 158 ta o‘qotar, pnevmatik va sovuq qurollar olib qo‘yildi.
Muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lgan raqamlashtirish sohasida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida eksport operatsiyalarining 94 foizi (301 mingta), import operatsiyalarining esa 88 foizi (581 mingta) deklaratsiyalari soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirildi. Shu bilan birga, eksport deklaratsiyalarining 43 foizi inson omilisiz avtomatik ravishda amalga oshirildi.
Eng muhimi, ushbu islohotlar natijasida 6,5 mingdan ortiq eksportyor va 22,6 mingdan ziyod importyorning ortiqcha sarf-xarajatlari va vaqti tejalishiga erishildi.
Yig‘ilish yakunida 2025 yil davomida yuqori natijalarga erishgan, tashabbuskor va fidoyi xodimlarning bir guruhi munosib ravishda taqdirlandi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA