Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bojxona korrupsiyadan xoli tizimga aylanadi
20:14 / 2022-11-03

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida shaxsiy tarkib ishtirokida korrupsiyaning oldini olishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining “Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari o‘rtasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning sodir etilishi oldini olish chora-tadbirlarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” gi buyrug‘i talabi, shuningdek, qo‘mita tomonidan tasdiqlangan “Odob-axloq” qoidalarida belgilangan tartib va qoidalar bojxona xodimlariga yana bir marta tushuntirildi.

Ta’kidlanganidek, bugun bojxona organlarida korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borilmoqda, unga moyilligi bo‘lgan xodimlar esa ayovsiz jazolanmoqda. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “bojxona korrupsiyadan xoli tizimga aylanishi kerak”, bu yo‘lda esa barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.

Sohada korrupsiya illati bilan bog‘liq salbiy holatlarning oldini olish, unga moyilligi bor xodimlar bilan yakka tartibda profilaktik tadbirlar amalga oshirish borasida tashkil etilayotgan ishlar sarhisob qilindi. Ta’kidlash joizki, bugun bojxona xodimlarining ijtimoiy himoyasiga qaratilayotgan e’tibor, bojxonachilar farzandlarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishida ajratilayotgan qo‘shimcha kvotalar har bir bojxona xodimidan halollik va poklik, o‘z xizmat vazifalarini vijdonan bajarishni talab etadi.

Tadbirda bojxona xodimlariga yengil yo‘llar bilan mo‘may daromad topaman deb qilingan har bir sa’y-harakat nafaqat o‘zining karera va kamoliga, balki farzandlarining ham yorqin kelajagiga putur yetkazishi mumkinligi uqtirildi.

Odob-axloq qoidalari, bojxona xodimlarining jamoat joylarida kiyinish, yurish-turish va o‘zlarini tutish talablarga rioya etilishi ham bojxona xodimlarining madaniyatini aks ettirishda, butun tizimning ijobiy imidji yaratilishida katta ahamiyatga ega. Shu boisdan, qo‘mita tomonidan qabul qilingan odob-axloq me’yorlari talablari xodimlarga takroran yetkazildi.

Bundan tashqari, boshqarmaning shaxsiy xavfsizlik bo‘limi tomonidan bojxona xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini sof va vijdonan bajarishi, ona yurtimizga sitqidildan xizmat qilib, soha uchun yaratilayotgan ijtimoy himoyadan to‘laqonli foydalanishi imkonini yaratish, ularning korrupsiya illatiga qo‘l urishining oldini olish maqsadida qator profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, yil boshidan 232 ta xodim bilan alohida suhbat o‘tkazilgan bo‘lsa, 66 nafar xodimning ota-onalari va oila a’zolariga antikorrupsion mazmundagi umumiy shaklda ogohlantirish xatlari yuborildi. Xizmat vazifasini bajarish davomida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 13 nafar xodim intizomiy jazoga tortildi.

Amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlar bojxonaning korrupsiyadan xoli tizimga aylanishiga va mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligi haqiqiy vatanparvarlar qo‘lida bo‘lishiga zamin yaratadi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri