Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bojxona kodeksi: tadbirkorlarga maksimal darajada qulayliklar yaratiladi
15:30 / 2016-11-25

Oliy harbiy bojxona institutida “Iqtisodiyotni rivojlantirish hamda tadbirkorlik va ishbilarmonlikni qo‘llab-quvvatlashda bojxona ishi faoliyatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 22-apreldan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi ichki bozorni sifatsiz va kontrabanda mahsulotlaridan himoya qilish, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarining jahon bozorlariga chiqishi uchun qo‘shimcha qulay tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratdi.

Kodeks sohaga oid qonunosti hujjatlarini qisqartirish, ushbu yo‘nalishdagi qonunchilik normalari sifatini oshirish, ularni hayotga tatbiq etishning ishonchli mexanizmlarini yaratishda ham muhim omil bo‘ldi. Bojxona sohasiga oid 1,3 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjat inventarizatsiyadan o‘tkazilib, qayta o‘rganib chiqilgani natijasida yigirmadan ortiq hujjatga tegishli o‘zgartishlar kiritildi, ba’zilari o‘z kuchini yo‘qotdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Oliy harbiy bojxona institutida “Iqtisodiyotni rivojlantirish hamda tadbirkorlik va ishbilarmonlikni qo‘llab-quvvatlashda bojxona ishi faoliyatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzuida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyada shular haqida so‘z yuritildi.

Davlat bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari B.Raimov va boshqalar mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bu mahsulot ishlab chiqarish hajmining ortishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga zamin yaratayotir.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning bojxona sohasiga oid farmon va qarorlariga muvofiq ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. Unda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga maksimal darajada qulayliklar yaratish nazarda tutilgan.

Kodeks samarali bojxona nazoratini tashkil etish bilan birga tashqi savdo operatsiyalari rivojlanishini rag‘batlantirishga keng yo‘l ochdi. Bojxona chegarasi orqali olib o‘tilayotgan tovar va transport vositalarini aniq bojxona rejimida rasmiylashtirishga oid qoidalar tartibga solindi.

Endilikda tadbirkorlik subyektlari davlat organlariga hujjatlar taqdim etishda “bir darcha” tamoyili asosida ish ko‘rmoqda. Tadbirkorlar zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda davlat organlari tomonidan tashkil etilgan yagona axborot tizimi orqali barcha tegishli davlat organlari va idoralarga ruxsatnomalar olish uchun virtual tarzda murojaat qilish va ularni olish imkoniyatiga ega.

Konferensiyada tadbirkorlik sohasida qabul qilinayotgan hujjatlar yuzasidan nazariyotchi va amaliyotchi mutaxassislar o‘zaro fikr va tajriba almashdi. Eksportga mahsulot chiqaradigan korxonalar uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar tizimini takomillashtirish, bojxona tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, ularni amalga oshirish muddatlarini qisqartirish va tashqi savdo operatsiyalarini bajarish uchun tariflarni pasaytirishga doir mulohazalar bildirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent xalqaro Vestminster universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti vakillari, bojxonachilar, olimlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda bojxona ishida tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan faoliyatni yanada rivojlantirishga doir taklif va tavsiyalar bildirildi.