O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Raisining o‘rinbosari N. Musamuhamedov boshchiligida Buxoro viloyatida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan navbatdagi amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir Davlatimiz rahbari rahnamoligida joriy yilning 13-fevral kuni Ohangaron tumanida o‘tkazilgan “Tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlash” mavzusidagi videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalari asosiy e’tibor markazida bo‘ldi. Tadbir avvalida bojxona organlari mas’ullari tomonidan “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi, uning huquqiy asoslari, iqtisodiy afzalliklari hamda amaliy imkoniyatlari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.

Xususan, qayta ishlash yo‘nalishida yetarli ishlab chiqarish salohiyatiga ega bo‘lgan, ammo mazkur rejim imkoniyatlaridan hali to‘liq foydalanmayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining imkoniyatlari chuqur tahlil qilindi. Ushbu rejim orqali xomashyoni bojxona to‘lovlarisiz olib kirish, uni mahalliy hududda qayta ishlash va tayyor mahsulot sifatida eksport qilish imkoniyati mavjudligi alohida ta’kidlandi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda Buxoro shahri, Vobkent, Peshku va Olot tumanlarida eksport-import faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar qayta ishlash operatsiyalari bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi. Shuningdek, bir necha yillardan buyon “bojxona hududida qayta ishlash” rejimidan samarali foydalanib kelayotgan korxonalarning vakillari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, amaliy misollar orqali mazkur rejimning iqtisodiy samarasini ko‘rsatib berishdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-yilda tovarlarni qayta ishlash rejimida faoliyat yuritgan tadbirkorlar soni 81 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 5 barobarga oshib, 525 nafarga yetgan. Iqtisodiy samaradorlik ham sezilarli darajada oshgan: mazkur davr mobaynida rejim orqali olinayotgan iqtisodiy natija qariyb 8 barobarga ko‘paygan. Jumladan, 2025-yilda 1,6 milliard AQSH dollari miqdoridagi qayta ishlangan mahsulotlar eksport qilinishiga erishildi. Bu ko‘rsatkichlar mazkur rejim tadbirkorlarning iqtisodiy o‘sishiga, eksport geografiyasini kengaytirishga hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilayotganini yaqqol namoyon etmoqda.

Uchrashuv doirasida N. Musamuhamedov boshchiligida viloyat hududida faoliyat yuritayotgan korxonalarda sayyor o‘rganish ishlari ham tashkil etildi. Asosiy maqsad esa tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini joyida o‘rganish, mavjud muammolarni bevosita muloqot orqali aniqlash va ularga amaliy yechimlar taklif etishdan iborat bo‘ldi.
O‘rganishlar Buxoro tumanida joylashgan Gala- River MCHJ korxonasida o‘tkazildi. Uzum mahsulotlaridan spirtli ichimliklar ishlab chiqarish, distillash va tozalashga ixtisoslashgan ushbu korxona tomonidan 2024–2025-yillar davomida 88 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlar eksport qilindi. Bu natija hududiy ishlab chiqarish salohiyatining bosqichma-bosqich mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.

Sayyor uchrashuv chog‘ida bojxona organlari mas’ullari korxona vakillariga “bojxona hududida qayta ishlash” rejimining imkoniyatlari haqida yanada keng ma’lumot berib, undan samarali foydalanish yuzasidan aniq amaliy takliflar kiritdilar. Ta’kidlanganidek, mazkur rejim ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish, eksport hajmini oshirish, mahsulot raqobatbardoshligini kuchaytirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish uchun qulay iqtisodiy muhit yaratadi.
Muloqot jarayonida tadbirkor mazkur rejimdan foydalanish niyati anchadan buyon mavjudligini bildirib, kelgusida Afg‘onistondan uzum xomashyosini olib kirish, uni qayta ishlash orqali tayyor mahsulotlarni Rossiya va Belarus bozorlariga eksport qilish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida korxona faoliyatini yanada kengaytirish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, hujjatlashtirish jarayonlarini optimallashtirish hamda “bojxona hududida qayta ishlash” rejimidan samarali foydalanish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi. Ushbu uchrashuv tadbirkorlar bilan davlat organlari o‘rtasidagi ochiq muloqotni yanada mustahkamlab, hududiy iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga xizmat qiluvchi muhim amaliy qadam sifatida baholandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri