Bojxona hududida faoliyat yuritish bu shunchaki tartib-qoidaga rioya qilish emas, balki qonuniylik, shaffoflik va uzluksiz nazorat tamoyillariga tayanadigan muhim davlat mexanizmi hisoblanadi.
Ayniqsa, eksportni qo‘llab-quvvatlash, milliy ishlab chiqaruvchilarni tashqi bozorga chiqarish hamda tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida amaliyotga keng joriy etilgan “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi biznes sub’ektlari uchun katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Ushbu rejim orqali tadbirkorlarga bojxona to‘lovlarisiz xomashyo va materiallarni olib kirish, ularni qayta ishlab, tayyor mahsulot sifatida eksport qilish imkoniyati yaratilgan. Bu esa ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport salohiyatini kengaytirishga xizmat qiladi.

Biroq, afsuski, ayrim holatlarda ushbu imkoniyatlardan noqonuniy yo‘llar bilan foydalanishga urinishlar ham kuzatilmoqda. Bojxona imtiyozlari va yengilliklari ayrim manfaatdor shaxslar tomonidan suiiste’mol qilinib, qonuniy mexanizmdan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanish holatlari ham uchrab turibdi.
Ana shunday holatlardan biri Buxoro viloyat bojxona boshqarmasining tegishli tarkibiy tuzilmalari o‘zaro hamkorligi natijasida fosh etildi. Oldindan olingan tezkor ma’lumotlarga tayangan holda, mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona nomi bilan 2024–2025-yillar davomida “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi asosida olib kirilgan tovarlar bo‘yicha inventarizatsiya ishlari amalga oshirildi.
Tekshiruv jarayonida “N” korxonasi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida berilgan bojxona yengilliklari va imtiyozlaridan belgilangan tartibda foydalanilmagani aniqlandi. Bojxona nazorati ostida bo‘lishi, qayta ishlanib eksportga yo‘naltirilishi lozim bo‘lgan tovarlar belgilangan saqlash manzilida mavjud emasligi qayd etildi. Xususan, bojxona to‘lovlari undirilmasdan olib kirilgan 217 548,3 kg payvandlangan quvur, 1 175 kg plastik quvur vilkasi, 2 281,01 kg kimyoviy mahsulotlar, 48 395,34 kg payvandlangan quvur chiqindisi joyida topilmagan. Ushbu holat “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi shartlari qo‘pol ravishda buzilganini yaqqol ko‘rsatadi.
Mazkur holat faqatgina bir korxona faoliyatidagi qonunbuzarlik emas, balki yashirin iqtisodiyot unsurlariga yo‘l ochuvchi xavfli holat sifatida ham baholanadi.
Zarif Komilov, O‘zA