O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Bojxona qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasi tomonidan tasdiqlangan rejaga muvofiq 20-22 yanvar kunlari tadbirkor ayollar uchun “Bojxona ishi” yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi.
Masofaviy shaklda o‘tkazilgan ushbu 3 kunlik o‘quv kurslarida qoraqalpog‘istonlik 100 nafarga yaqin tadbirkor faol ishtirok etishdi. O‘quv mashg‘ulotlari davomida yuk operatsiyasi jarayonlarini raqamlashtirish, vakolatli iqtisodiy operatorlar uchun berilgan soddalashtirishlar, tovarlarni jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali olib o‘tish, bojxona to‘lovlarini kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatlarini olish tartibi, tashqi iqtisodiy faoliyatni notarif tartibga solish asoslari, tovarlarni qayta ishlash istiqbollari kabi mavzular yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Mashg‘ulotning uchinchi kunida o‘quv jarayonida olingan nazariy bilimlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Nukus” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga tashrif buyurgan holda amaliy ko‘rsatib berildi. Shuningdek post ish faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
Kurs yakunida barcha faol ishtirokchilarga sertifikat topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri