Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bojxona instituti bitiruvchilariga diplom topshirildi
11:59 / 2025-06-17

Bojxona instituti bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz madhiyasi sadolari ostida boshlangan tadbirda Bojxona qo‘mitasi rahbariyati, bojxona faxriylari, bitiruvchilarning ota-onalari va bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.  

Bitiruvchilarni qutlar ekan Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov bojxona tizimida olib borilayotgan jadal islohotlarning samaradorligi bugungi kadrlarning bilim va malakasi, salohiyatiga chambarchas bog‘liq ekanini ta’kidladi.

So‘nggi yillarda kursantlar respublika va xalqaro sport musobaqalari hamda bilimlar ko‘rik-tanlovlarida faol ishtirok etib, ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishmoqda.

Jumladan, armrestling va qo‘l janggi bo‘yicha jahon chempionatlarida institut kursantlari shohsupadan joy olishdi. Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt bo‘yicha esa ellikdan ziyod jamoalar orasida 1- va 2-o‘rinlarni band etishdi.

Institut kursantlarining salkam 60 foizi xorijiy tillarni o‘zlashtirish bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritishgan.  

Prezidentimizning bojxona ma’muriyatchiligini yanada rivojlantirishga oid farmon va qarorlarida bojxona sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ta’limni xalqaro standartlar asosida tashkil etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.  

Mazkur vazifalar ijrosi doirasida so‘nggi yillarda Bojxona institutida yoshlarga ta’lim berishning sifati har tomonlama o‘sdi. Yoshlarga nazariy bilimlar bilan bir qatorda, amaliy ko‘nikmalar berishga alohida e’tibor qaratildi.  

Natijada yoshlarni jismoniy va ma’naviy jihatdan barkamol qilib tarbiyalash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar institut bitiruvchilariga samimiy tilaklarini yo‘llab, Vatanga va kasbga sadoqat, fidoyilik va halollik kabi yuksak insoniy fazilatlarga hamisha sodiq qolishlariga ishonch bildirishdi.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA