Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bojxona imtiyozlari tadbirkorlik uchun yana bir imkoniyat
14:42 / 2022-08-03

Bojxona organlari tomonidan mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash, bojxona to‘lovlarini undirish, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash hamda “yashirin iqtisodiyot”ga qarshi kurashish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan 2022 yilning 1 yarmida 612,6 milliard so‘mlik bojxona to‘lovlari undirilib, davlat byudjetiga o‘tkazilishiga erishildi. Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida esa bojxona to‘lovlaridan salkam 490 milliard so‘m imtiyozlar berildi.

– Imtiyoz qo‘llanilgan asosiy tovarlar tarkibini texnologik asbob-uskunalar, transport vositalari va uning qismlari, metall va metall buyumlar, kimyo sanoati mahsulotlari tashkil etdi, – deydi boshqarmaning Daromadlar va bojxona statistikasi bo‘limi xodimi Shavkat Xayrullayev. – Shuningdek, boshqarma tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga 131 milliard so‘mlik bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash imkoniyati berildi. Bu esa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va xorijga eksport qilishni munosib rag‘batlantirishga xizmat qilib kelmoqda. Birgina joriy yilning 1-yarmida 264 million AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan tovarlar xorijiy mamlakatlar bozorlariga yo‘naltirildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mahsulotlar 20 ga yaqin xorijiy davlatlarga eksport qilingan bo‘lib, asosan, Kanada, Fransiya, Rossiya, Turkiya va Qozog‘iston davlatlari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 31 maydagi “Iste’mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga va monopoliyaga qarshi choralarning ta’sirchanligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoniga asosan ichki iste’mol bozoridagi ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan 22 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari 2023 yil 1 yanvarga qadar bojxona bojidan ozod etilgan, – deydi boshqarma axborot xizmati rahbari Akbar Rizoqulov. – Farmon bilan joriy yil so‘ngiga qadar savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berish rejimi nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan bojxona bojining ikki baravar stavkasi qo‘llash amaliyoti to‘xtatildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 14 sentyabrdagi “Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilarini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga mahsulot ishlab chiqarishda va o‘z ehtiyojlari uchun foydalaniladigan butlovchi buyumlar, xom ashyo va materiallarni import qilganda qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona bojini foizlar hisoblanmagan va ularning to‘lanishini ta’minlash talab etilmagan holda 120 kungacha muddatga kechiktirib (bo‘lib-bo‘lib) to‘lash huquqi berildi. Natijada viloyat bo‘yicha 2022 yilning so‘nggi uch oyi davomida tadbirkorlik sub’ektlariga 78,8 milliard so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlarini foizsiz va ta’minot summalarisiz 120 kunga kechiktirib to‘lash imkoni berildi.

Bojxona postlarida jami 7116 ta bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirilib, 2066 ta bojxona ko‘rigi jarayonlari amalga oshirildi. Ularning 3118 tasi yoki 44 foizi “yashil yo‘lak”, 2706 tasi yoki 38 foizi “sariq yo‘lak”, 1292 tasi yoki 18 foizi “qizil yo‘lak” tartibida rasmiylashtirildi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash o‘rinliki, bugungi kunda bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar bojxona organlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash bilan birgalikda, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini yanada rivojlantirishga sabab bo‘lmoqda.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA