Xorazmda “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimining afzalliklarini tadbirkorlarga yetkazish bo‘yicha targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Bojxona qo‘mitasining tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi mas’ullari Xorazm viloyatining shahar va tumanlariga chiqib, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Mazkur tadbirlarda “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi doirasida yaratilgan qulay imkoniyatlar hamda imtiyozlar haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
[gallery-27777]
Xususan, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun O‘zbekistonga xom ashyoni olib kelish, uni bojxona hududida qayta ishlab, tayyor mahsulot sifatida tashqi bozorlarga chiqarish mexanizmlari aniq misollar orqali tushuntirildi.
Tahlillarga ko‘ra, Xorazm viloyatida 2025-yil davomida mazkur rejimdan hududdagi 12 ta yirik korxona samarali foydalangan. Qiymati 5,2 million dollardan ortiq bo‘lgan xomashyo bojxona hududida qayta ishlanib, natijada 22,3 million dollarlik tayyor mahsulotlar tashqi bozorlarga eksport qilingan.
Ushbu ko‘rsatkichlar viloyatda sanoat salohiyati hamda eksport hajmi oshib borayotganini bildiradi.
Bojxona organlari tomonidan olib borilayotgan bunday targ‘ibot va tushuntirish ishlari esa tadbirkorlarning huquqiy bilimini oshirish, mavjud imtiyozlardan to‘liq va maqsadli foydalanishini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari