French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Bojxona hududida qayta ishlash” tadbirkorga ko‘makchi
11:57 / 2026-01-09

Tadbirkorlik sub’ektlariga yaqindan ko‘mak berish, ularni eksport-import jarayonlarida har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bugungi kunda bojxona organlari zimmasidagi ustuvor vazifalardandir.

Shu maqsadda, bojxona qonunchiligidagi so‘nggi o‘zgarishlar hamda amaldagi tartib-taomillar bilan eksportyorlarni atroflicha tanishtirish maqsadida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan “JASMIN CHAY INVEST” MCHJ vakillari bilan sayyor uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda korxona faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Mazkur korxona tomonidan 2025 yil davomida qiymati 2 million AQSH dollariga teng, umumiy vazni 700 tonna bo‘lgan tayyor to‘qimachilik matolari eksportga yo‘naltirilgani qayd etildi. Ushbu ko‘rsatkichlar korxonaning tashqi bozorlardagi barqaror o‘rni va eksport salohiyatining izchil ortib borayotganidan dalolat beradi.

Shuningdek, uchrashuvda Prezidentimizning 2025 yil 17 dekabrdagi “Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi. Ta’kidlanganidek, mazkur farmon bilan 2027 yilga qadar bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini takomillashtirishga qaratilgan qator muhim maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan.

Xususan, tovarlarni bevosita chegara hududida eksport va importga rasmiylashtirish hajmini ikki barobarga oshirish, bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash asosida tovarlarni erkin muomalaga chiqarish hajmini 1,5 barobarga yetkazish, vakolatli iqtisodiy operatorlar sonini 200 tadan oshirish hamda bojxona auditi qamrovini 30 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Uchrashuv yakunida korxona vakillarining “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi doirasida faoliyatni yanada kengaytirish borasidagi rejalaridan kelib chiqib, mazkur rejimning huquqiy asoslari, imkoniyatlari va undan foydalanish tartiblari yuzasidan atroflicha va aniq tushuntirishlar berildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.