Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bojxona hududida qayta ishlash rejimi qulay va samarali
11:30 / 2025-07-23

Prezidentimizning 2022 yil 25 apreldagi “Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi qo‘llanilishini soddalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlarning xom ashyoni qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarishiga keng imkoniyat yaratdi. Bu rejim qo‘llanilishining soddalashtirilgani sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirib, tadbirkorlik sub’ektlarining mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanishini ta’minlamoqda, eksportni qo‘llab-quvvatlayotir.

Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi “Qurbonali Textil” oilaviy korxonasi xorijdan keltirilgan yarim tayyor mahsulotlarni qayta ishlab, avtomobillar uchun o‘rindiq qoplamalari, salon gilamchalari, tent kabi tayyor mahsulotga aylantirmoqda. Ichki bozorda o‘z xaridorini topgan mahsulotlarining bir qismini qo‘shni davlatlarga eksport qilishni rejalashtirgan.

Oilaviy korxona shu maqsadda 15 ming dollar qiymatidagi xom ashyoni bojxona hududida qayta ishlash rejimiga joylashtirib, tayyor mahsulotni xorijdagi buyurtmachilariga yetkazib berishga hozirlik ko‘rmoqda.

– O‘tgan yillarda tikuvchilarimiz avtomobillar uchun turli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yaxshi o‘zlashtirib oldi, – deydi oilaviy korxona boshlig‘i Qurbonali Kazakov. – Ichki bozorda o‘z xaridorlarini topdi. Endi qo‘shni davlatlardan ham buyurtma tushmoqda. Xorijdagi buyurtmachilarimizga jo‘natadigan arzon va sifatli mahsulotimiz xom ashyosini bojxona hududida qayta ishlash rejimiga joylashtirganmiz. Bu tartibning yengillik va qulayliklari bizda katta qiziqish uyg‘otdi. 

Viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari X.Xolbayev oilaviy korxonada bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlarini o‘rgandi. Oilaviy tadbirkorlar bilan uchrashib, bojxona hududida qayta ishlash rejimining tadbirkorlar uchun yaratgan yengilliklari, bojxona to‘lovlarini vaqtincha to‘xtatib turish imkoniyati, sifatli va raqobatbardosh mahsulot tayyorlash, eksport geografiyasini kengaytirishdagi afzalliklari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Imtiyozlar tushuntirildi. 

Ayni paytda 50 ga yaqin ishchi mehnat qilayotgan “Qurbonali Textil” oilaviy korxonasi yiliga 40 ming dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Joriy yilda 12 ming dona raqobatbardosh, sifatli, bejirim tayyor mahsulot chet elga eksport qilinadi. 

Viloyat bojxona boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida vohadagi 22 ta korxona tovarlarini bojxona hududida qayta ishlash rejimiga joylashtirdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri