Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi mas’ullari tomonidan hududdagi eksport salohiyatini oshirish, ishlab chiqaruvchilarga yaratilgan bojxona imtiyozlaridan samarali foydalanish borasida amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida qator korxonalarda sayyor o‘rganishlar olib borildi.
G‘ijduvon tumanida joylashgan “BUXORO MEVA SABZAVOTCHILIK EKSPORTI” MCHJ faoliyati o‘rganilganda korxonaning “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimidan foydalanish borasidagi amaliy tajribasiga alohida e’tibor qaratildi.

Korxona ushbu rejim imkoniyatlaridan foydalanishni boshlaganiga ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida qiymati 61 ming AQSH dollariga teng 74 tonna meva-sabzavotni “bojxona hududida qayta ishlash” rejimiga rasmiylashtirishga erishgan. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport jarayonlarida bojxona tizimi bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yganidan dalolat beradi.

Shuningdek, xorij bozorlarida o‘z o‘rnini topishga intilayotgan korxona tomonidan 20 tonnadan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan tayyorlangan konserva mahsulotlari 17 ming AQSH dollari qiymatida eksportga yo‘naltirilgan.
Korxona vakillarining ta’kidlashicha, eksport hajmini yanada oshirish maqsadida kelgusi yil uchun bir qator xorijiy davlatlar bilan yangi eksport shartnomalarini tuzish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Viloyat bojxona boshqarmasi rahbariyati hamda tarkibiy bo‘linmalar vakillari korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari, eksportga tayyorlov ishlari bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuv davomida korxona vakillari tomonidan “bojxona hududida qayta ishlash” rejimining afzalliklari, tayyor mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish tartibi hamda jarayonda uchrashi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etish yo‘llari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Bojxona organlari tomonidan olib borilayotgan bunday o‘rganishlar nafaqat eksportni qo‘llab-quvvatlash, balki mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri