Joriy yil 13-fevral kuni Prezidentimiz raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida investitsiyalarni jalb qilish va tovarlarni qayta ishlashni tashkil etish bo‘yicha vazifalar berilgan edi.
Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan yurtimizda qayta ishlash operatsiyalari ko‘lami tubdan kengaymoqda. Tadbirkorlar xorijdan xomashyo olib kelib, hech qanday bojxona to‘lovlari va cheklovlarsiz uni qayta ishlash hamda tayyor mahsulot sifatida eksport qilish huquqiga ega bo‘ldi. Mazkur yig‘ilishda bugungi kunga kelib 59 ta tumandagi birorta korxona bu imkoniyatdan foydalanmagani qattiq tanqid qilindi hamda ushbu hududlarda tadbirkorlik sub’ektlariga ushbu bojxona rejimi afzalliklari bo‘yicha keng targ‘ibot ishlarini olib borish vazifasi belgilab berildi.

Shu bois, Bojxona qo‘mitasi mas’ul vakillari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan Orolbo‘yidagi 11 ta tumandagi tadbirkorlik sub’ektlari bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi afzalliklari haqida keng targ‘ibot ishlari olib borildi. Tadbir davomida tadbirkorlarga qanday xomashyo olib kelib, mahsulot ishlab chiqarish va uni tashqi bozorlarga sotish imkoniyatlari misollar bilan tushuntirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2025-yil davomida ushbu rejim afzalliklaridan hududdagi 10 ta yirik korxona unumli foydalandi. Xususan, ular tomonidan qiymati 4,5 million dollardan ziyod bo‘lgan 16,6 ming tonna xomashyo bojxona hududida qayta ishlanib, natijada 6,3 million dollarlik tayyor mahsulotning tashqi bozorga chiqarilishi ta’minlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.