Gap shundaki, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida ro‘yxatdan o‘tgan “Hamkor fayz” xususiy korxonasi o‘ziga nisbatan bojxona organi tomonidan noqonuniy ma’muriy bayonnoma tuzilgani va salkam 70 million so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovi to‘lashni talab qilayotganidan hamda adolatsiz sud qarorlaridan norozi bo‘lib, Biznes ombudsman devoniga murojaat qilgan.
Aniqlanishicha, tadbirkor 2022 yilda BAAdagi tadbirkorlik sub’ekti bilan neft mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha bitim tuzgan va O‘zbekistonga tovar yetib kelgandan so‘ng bojxona to‘lovlarini to‘lab, import tovarni ichki bozorda realizatsiya qilgan.
Oradan bir yil o‘tgandan so‘ng Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi go‘yoki bojxona to‘lovi kam to‘langanini vaj qilib, tadbirkordan 69.509.780 so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovi to‘lash haqida talabnoma yuboradi.
Bundan tashqari, tadbirkor go‘yoki bojxona organiga to‘lov miqdorini kamaytirish uchun asos bo‘ladigan noto‘g‘ri ma’lumot taqdim qilganlikda ayblanib, ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudiga oshiriladi va sud tomonidan ish bir tomonlama ko‘rib chiqilib, tadbirkorga MJTKning tegishli moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari miqdorida jarima qo‘llanadi. Bu qarorni Qashqadaryo viloyat sudi ham o‘zgarishsiz qoldiradi.
Biroq Biznes ombudsman devoni xodimlari ko‘magida quyi sud qarorlariga nisbatan Oliy sudga shikoyat kiritildi. Shikoyat Oliy sud tomonidan ko‘rib chiqilib, quyi sudning adolatsiz qarorlari bekor qilindi va tadbirkorga qo‘llangan jarima undirilmaydigan bo‘ldi.
Tadbirkor tomonidan 69.509.780 so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovi to‘lash haqida talabnomaga esa e’tiroz bildirilgan va shu sababdan bojxona organi Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudiga shu so‘mmani undirish haqida da’vo arizasi kiritilgan. Birinchi instansiya sudi tadbirkorni chaqirmasdan va uning vajlarini tinglamasdan da’voni qanoatlantirgan.
Biznes ombudsman devoni xodimlari ko‘magida Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qaroriga nisbatan Qashqadaryo viloyati sudiga shikoyat kiritildi va tadbirkorning huquqlari himoya qilindi.
Murosasiz o‘tgan bir necha sud majlislaridan so‘ng tadbirkor tomonidan bojxona to‘lovlari to‘langanligi, 69.509.780 so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovi to‘lashni talab qilish noqonuniy ekanligi isbotlandi.
Viloyat sudining 07.05.2024 yildagi qarori bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bekor qilindi, Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasining da’vo arizasini qanoatlantirish rad qilindi va tadbirkor 69.509.780 so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovi to‘lamaydigan bo‘ldi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri