AQSHda yangi avlod G‘-47 qiruvchi samolyoti ishlab chiqarilishi kechikishi mumkin. Ushbu rusumdagi qurilma kelajakda harbiy ustunlikni ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shishi kutilayotgan edi. Yangi qiruvchi uchoq bilan bog‘liq salbiy holatga 3000 nafar xodim ish tashlashi sabab qilib ko‘rsatilayapti. Ular rahbariyat oldiga maoshni oshirish va boshqa qo‘shimcha bir necha talab qo‘ygan. Ushbu xabarni “Yevronyus” tarqatdi.
Ish tashlash tufayli yetkazib berilishi kechikayotgan G‘-47 qiruvchisi qanday samolyot? Nega bu uchoq ishlab chiqarilishini shaxsan Prezident Donald Tramp qo‘llab-quvvatlayapti?
Taxmin qilinishicha, AQSH mudofaa sohasidagi eng yangi va strategik ahamiyatga ega loyihalardan biri sifatida e’tirof etilayotgan G‘-47 dasturi Boing uchun so‘nggi yillardagi iqtisodiy qiyinchilikdan so‘ng moliyaviy tiklanish imkonini berishi mumkin. Tramp bu uchoqni “har tomonlama kuchli va eng ilg‘or qiruvchi” deb atagan. Nomi ham aynan 47-Prezident bilan bog‘langan, deb yozyapti ba’zi mahalliy nashrlar.
Xo‘sh, xodimlar noroziligiga sabab nima? Ular manfaatini himoya qiluvchi Mashinistlar va Aerofazoviy ishchilar xalqaro uyushmasi xulosasiga ko‘ra, hozir maosh, sog‘liqni saqlash, pensiya va mehnat sharoitiga oid kafolat yetarli emas. Hatto, ayni payt “Boing” taklif qilgan ish haqi 20 foiz oshirilib, qo‘shimcha imtiyoz ham berilishi aks etgan shartnoma ham rad etilgan.
Kasaba uyushmalari O‘rta G‘arb bo‘yicha vitse-prezidenti Sem Chichinelli shunday deydi:
– Kasaba uyushmalari ittifoqi a’zolari– mamlakat mudofaa tizimi faoliyatini ta’minlaydigan yuqori malakali mutaxassislardir. Ular o‘z oilasi xavfsizligi kafolatlanadigan shartnomaga loyiq.
Kompaniya nomidan bayonot bergan vitse-prezident Den Jillianning so‘zlari esa biroz boshqacharoq mazmun beradi:
– Ishchilarimiz tomonidan o‘rtacha ish haqi 40 foiz oshirilishi nazarda tutilgan taklif rad etilishi bizni ranjitdi.Shunga qaramay, favqulodda holat uchun ham reja ishlab chiqilgan. Ish tashlamagan xodimlar mijozlar ehtiyojini qondirishda davom etadi.
Hozircha G‘-47 ishlab chiqarilishi to‘xtagani rasman e’lon qilingani yo‘q. Faqat ish tashlash qisqa muddatli kechikishga olib kelishi aniq. “Boing” so‘nggi yillarda qator omadsizlik, moliyaviy muammo bilan bog‘liq holatlarga duch keldi. Masalan, 2018 yil Indoneziyada, keyingi yil Efiopiyada “Boing-737” samolyotlari halokatga uchradi. Joriy yil “Air India” havo kemasi fojiasi kuzatildi. Bu kompaniyaning nufuzi va iqtisodiy barqarorligiga nisbatan jiddiy zarba sifatida baholanyapti.
Ish tashlash, bir tomondan, xodimlar huquqi va mehnat sharoitiga doir dolzarb muammolarni yuzaga chiqarsa, ikkinchi tomondan, AQSH mudofaa sanoati faoliyati samaradorligi va strategik rejasini tahdid ostida qoldirishi mumkin. G‘-47 kabi yuqori texnologiyali loyihalar faqat ilg‘or muhandislik yechimi emas, balki barqaror mehnat munosabatini ham talab qiladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/wnDqKvWpWlQ?si=ewz1SbP7494MhewO" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA