Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Boing – fuqaro samolyotlari» kompaniyasi prezidenti bilan uchrashuv
20:22 / 2016-09-07

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 7-sentabrda «Boing – fuqaro samolyotlari» kompaniyasi prezidenti Reymond Konnerni qabul qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 7-sentabrda «Boing – fuqaro samolyotlari» kompaniyasi prezidenti Reymond Konnerni qabul qildi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov vafoti munosabati bilan R.Konner «Boing» kompaniyasi nomidan O‘zbekiston hukumati va xalqiga chuqur hamdardlik bildirdi.

«Boing» kompaniyasi bilan fuqaro aviatsiyasi sohasida erishilgan yuqori darajadagi o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlik mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qo‘shma loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaganining samarasi ekani ta’kidlandi.

Bugun «Boing» kompaniyasi O‘zbekistonning yo‘lovchi tashiydigan zamonaviy samolyotlar yetkazib berish, ulardan foydalanish va xizmat ko‘rsatish borasidagi ishonchli hamkoridir. «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi ayni paytda 15 ta «Boing» samolyotidan foydalanmoqda. Milliy aviakompaniyamiz tomonidan amalga oshirilayotgan barcha tashuvlarning yarmidan ko‘pi aynan ushbu havo laynerlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda va bu aviakompaniyamizning mintaqadagi yirik hamda jadal rivojlanayotgan aviakorxonalardan biri sifatidagi o‘rnini mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Vatanimiz mustaqilligining yigirma besh yilligi arafasida milliy aviakompaniyamiz samolyotlari safiga eng zamonaviy va shinam «Boing-787 Drimlayner» havo kemasi ham qo‘shildi. Mazkur layner shu yilning 5-sentabridan Urganch, Buxoro va Nukus shaharlariga dastlabki parvozlarni amalga oshirgan bo‘lsa, kelgusi haftadan xalqaro aviayo‘nalishlarga qatnay boshlaydi. Joriy yilning noyabr oyida esa O‘zbekistonga ikkinchi «Drimlayner» keltiriladi.

Mamlakatimizda, jumladan, milliy aviakompaniyamiz o‘quv-mashg‘ulot markazini kompleks trenajyor uskunalari bilan ta’minlash orqali uchuvchi va mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikda samarali ishlar olib borilayotir.

Shu yilning yanvar oyida yangi qo‘shma loyiha – «O‘zbekiston Eyrveyz Tekniks» aviakorxonasi bazasida zamonaviy samolyotlar konstruksiyasining yirik kompozit materiallarini ta’mirlash bo‘yicha mintaqaviy markaz ishga tushirildi.

Reymond Konner qo‘shma loyihalar qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi va u rahbarlik qilayotgan kompaniya o‘zbekistonlik hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli hamda samarali hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini ta’kidladi.