Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bog‘lar yangilanmoqda
13:44 / 2024-12-14

Surxondaryo viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 6 million dona mevali-manzarali daraxt va buta ko‘chatini ekib, yangi bog‘lar yaratish rejalashtirilgan.

Kuzgi mavsumda 433 ming dona ko‘chat ekishni rejalashtirgan Oltinsoy tumanida ham bu yumush uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Hozirgacha tumandagi bo‘sh yerlar, yo‘l bo‘ylari, tashkilot, korxona, mahallalar hududlariga qariyb ikki yuz ming tup daraxt ko‘chati o‘tqazildi.  

Loyiha doirasida tumanning “Toshkent-Denov” katta yo‘li yoqasidagi Yakkatut mahallasida joylashgan “Sulton sharbati” agrofirmasining eski bog‘i o‘rnida yangi bog‘ tashkil etish ham belgilangan edi. Tuman hokimligi, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi va unga qarashli tashkilotlar xodimlari, hududdagi fermer xo‘jaliklari a’zolari tomonidan o‘n gektar maydon tartibga keltirib, zamonaviy bog‘ barpo etishga moslashtirildi. Ko‘chat qadashga tayyorlandi. Atrofiga bu yerni qishin-yozin yashillikka burkab turadigan uch qator archa ko‘chati ekildi. “Yashil belbog‘” ichkarisiga turli mevali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazishga kirishildi.  

– Prezidentimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi tevarak-atrof musaffoligini saqlab, iqlim o‘zgarishlariga moslashishda muhim o‘rin tutmoqda, – deydi tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Bahriddin Nuriddinov. – Eskirgan bog‘ o‘rnida yaratilayotgan yangi bog‘ ham ana shunday ezgu niyatda barpo etilmoqda. Bu maydon bo‘ylab “Yashil belbog‘” yaratildi. Buning uchun eski bog‘dagi samarasiz bo‘lib qolgan daraxtlar olib tashlanib, maydon sifatli shudgorlandi. Kaftdek tekis holga keltirildi. Tuproq unumdorligiga e’tibor berildi. Ko‘chatlar qadab olingach, ularni suv bilan ta’minlash uchun sug‘orish shoxobchalari ham tayyor holga keltirildi. 

Yangidan bunyod etilayotgan bog‘ga qariyb 6 ming tup ko‘chat o‘tqaziladi.  

Nilufar Bozorova,  

O‘zA muxbiri