Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bog‘lar bo‘sh maydonlari qo‘shimcha daromad manbaiga aylanmoqda
12:19 / 2025-11-20

O‘zbekiston fermerlar kengashi joriy yilning 19–22 noyabr kunlari “Har bir kun — bu imkoniyat, har bir kun — bu kelajak uchun poydevor” shiori ostida bog‘ va tokzorlar qator oralari samaradorligini oshirishga qaratilgan mintaqaviy seminarlarni boshladi.

Bugun Uychi tumanida o‘tkazilgan navbatdagi seminarda Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridan tashrif buyurgan mutaxassislar, fermerlar hamda eksportyorlar ishtirok etdi. Tadbirda bog‘ qator oralaridan foydalanish mexanizmlari, to‘qsonbosti ekinlarini joylashtirish hamda agrotexnik tadbirlarni samarali tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Seminarda Prezidentimizning 2024 yil 30 dekabrda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirish hajmini ko‘paytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazkur yo‘nalishda muhim dasturulamal bo‘layotgani ta’kidlandi. Qarorda qator oralari, dala chetlari hamda irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlari himoya qatlamlaridan samarali foydalanish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan.

Mutaxassislarning qayd etishicha, bog‘ va tokzorlar qator oralari ko‘pincha mavsumiy ravishda bo‘sh qoladi. To‘qsonbosti — 90 kun ichida pishib yetiladigan qisqa vegetatsiyali ekinlarni joylashtirish bu maydonlardan oqilona foydalanish imkonini beradi.

Mosh, no‘xat, sholg‘om, ertapishar karam navlari, dukkakli yem-xashak ekinlari va ko‘plab sabzavot turlari mazkur toifaga kiradi. Ularning asosiy afzalligi — qisqa vaqt ichida hosil berishi, tuproq strukturasini yaxshilashi va bog‘ning asosiy hosiliga zarar yetkazmasdan fermerga qo‘shimcha daromad manbai yaratishidir.

Seminarda agronomlar tomonidan to‘qsonbosti ekinlarini ekishda qator muhim jihatlar alohida ta’kidlandi. Xususan, qator oralarning optimal kengligi va tuproq aylanishiga rioya qilish, tomchilatib sug‘orishni joriy etish, zararkunandalarga qarshi ekologik usullarni qo‘llash, mineral va organik o‘g‘itlarni me’yorda berish. Ushbu tadbirlarning to‘g‘ri bajarilishi bog‘ning asosiy hosiliga zarar yetkazmasdan, qo‘shimcha ekinlardan yuqori hosil olish imkonini beradi.

Bog‘ va tokzorlardagi bo‘sh joylardan oqilona foydalanish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari miqdorini ko‘paytirish mamlakatning eksport salohiyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, dukkakli to‘qsonbosti ekinlariga xalqaro bozorlarda talab yuqori bo‘lib, ularni qayta ishlash va eksport qilish yaxshi iqtisodiy samara berishi ta’kidlandi.

Seminarda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ekin turlarini joylashtirish masalalari, shuningdek fermerlar, tomorqa yer egalari va eksportchi korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida amaliy takliflar bildirildi.

O‘tkazilgan seminar bog‘ va tokzorlar qator oralari samaradorligini oshirish, qisqa vegetatsiyali ekinlar orqali qo‘shimcha hosil yaratish va fermerlar daromadini ko‘paytirish borasida amaliy yechimlarni taqdim etdi.  

Mazkur seminarlar orqali ilgari surilayotgan amaliy taklif va tajribalar fermerlar o‘rtasida yangi yondashuvlarni shakllantirib, hududlarda qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

M.Hojiakbarova, O‘zA