Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bog‘iturkonlik 7 nafar fuqaro o‘z biznesini boshlaydi
11:31 / 2023-10-04

Bunda ularga 4-sektor ishchi guruhi yaqindan yordam berdi. Aniqrog‘i, ushbu xayrli ish viloyat 4-sektor ishchi guruhining Romitan tumani “Bog‘iturkon” mahalla fuqarolari yig‘inida tashkil etilgan navbatdagi sayyor qabulida amalga oshirildi.

Sayyor qabulda shu yerlik 30 nafarga yaqin fuqaro ishtirok etdi. Ulardan jami turli yo‘nalishdagi murojaatlar kelib tushdi. 
Murojaatlarning mazmuni asosan ishga joylashish, eskirgan simyog‘ochlarni yangisiga almashtirish, ichki yo‘llarni ta’mirlash va tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lganlarga imtiyozli kredit mablag‘lari hisobiga zarur asbob-uskunalar xarid qilishga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi.

E’tiborlisi, kelib tushgan murojaatlarning 10 tasi shu yerning o‘zida hal etildi. Shuningdek, tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan 4 nafar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizga tikuv mashinasi, 1 nafariga homiylar tomonidan shirinliklar pishirishga mo‘ljallangan mini pech berildi. 1 nafar fuqaroga payvandlash uskunasi hamda yana bir 1 nafar fuqaroga sektor rahbarining tavsiyasiga ko‘ra imtiyozli kredit mablag‘lari evaziga motoroller olib berildi. Endi ular o‘z biznesini boshlab oilasiga daromad keltiradi.

Bundan tashqari, sayyor qabulda hududdagi ehtiyojmand fuqarolarga oziq-ovqat mahsulotlari ham berildi.

Sayyor qabul jarayonida shu yerlik ishsiz aholi uchun bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etilgani ham ayni muddao bo‘ldi. Unda fuqarolar hududdagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishdi. Ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qildi.

Buxoro viloyati Soliq boshqarmasi matbuot xizmatidan olingan xabarga ko‘ra, joriy yil boshidan viloyat 4-sektor ishchi guruhlari tomonidan hududlarda 520 dan ortiq sayyor qabullar o‘tkazildi. Mazkur sayyor qabullarda fuqarolar tomonidan 7 000 mingdan ortiq murojaat tushdi. Ushbu murojaatlarning 6 250 ga yaqini ijobiy hal etildi. 700 dan ortiq murojaatchiga huquqiy tushuntirishlar berildi.

Zarif Komilov, O‘zA