Toshkentda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ishtirokidagi “Bog‘dorchilikning qiymat zanjiri infratuzilmasi” loyihasining taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Osiyo taraqqiyot banki, Fransiyaning “Ranjis-Samaris” kompaniyasi vakillari va vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan mutasaddilar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov, Fransiyaning "Rungis marché international" kompaniyasi xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari Bertran Ambruaz va boshqalar keyingi yillarda oziq-ovqat xavfsizligiga erishish, aholini xavfsiz va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga alohida ahamiyat qaratilayotgani va bu borada xalqaro tajribani tatbiq etish chora-tadbirlari amalga oshirilayotganini qayd etdi.
[gallery-14108]
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Xalqaro markazning OTB ishtirokidagi “Bog‘dorchilikning qiymat zanjiri infratuzilmasi” loyihasi koordinatori Umrbek Sultonovning ma’lumot berishicha, O‘zbekiston Respublikasi va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida bugungi kunda “Bog‘dorchilikning qiymat zanjiri infratuzilmasi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
– Mazkur loyihaga muvofiq, ushbu tadbirda Fransiyaning “Ranjis-Samaris” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Samarqand va Andijon viloyatlarida qurilishi rejalashtirilayotgan agrologistika majmualari bosh rejalari taqdimoti va muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Bunyod etilishi ko‘zda tutilayotgan agrologistika markazlari faoliyati meva-sabzavotchilik, tovarlarni saqlash va yetkazib berish bo‘yicha aholiga yanada qulaylik yaratib berish bilan bog‘liqdir. “Ranjis-Samaris” kompaniyasi bugungi kunda Parij atrofidagi yillik aylanmasi 9 milliard yevro bo‘lgan dunyodagi eng yirik oziq-ovqat logistika markaziga egalik qiladi va butun dunyo bo‘ylab samarali ulgurji oziq-ovqat bozorlarini qurish va tashkil etishda ilg‘or tajribaga ega, – dedi U. Sultonov.
Ta’kidlanganidek, ushbu loyihaning umumiy qiymati 244,75 million dollar bo‘lib, shundan Osiyo taraqqiyot banki qarz mablag‘i 197,0 million dollar, O‘zbekiston Respublikasi ulushi 47,75 million dollarni tashkil etadi. Meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, saralash, qadoqlash, saqlash, mahsulotlarni iste’molchilarga yetkazib berish hamda ulgurji bozorni o‘z ichiga olgan qiymati 197 million dollar, quvvati 1,7 million tonna bo‘lgan Toshkent (30 gektar), Samarqand (22 gektar) va Andijon (18 gektar) viloyatlarida 3 ta yirik agrologistika komplekslarini tashkil etish loyihaning maqsadi etib belgilangan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyihaning umumiy quvvati 1,7 million tonna, eksport hajmi 956 ming tonnani tashkil etadi. E’tiborlisi, mazkur agrokomplekslarda 4 mingdan ortiq yangi ishchi o‘rni yaratiladi. “Ranjis-Samaris” kompaniyasi tomonidan yurtimizda zamonaviy agrologistika markazlari barpo etilishi qishloq xo‘jaligi sohasida yangi imkoniyatlar va yo‘nalishlarni ham ochib berishga xizmat qiladi.
– Biz Fransiyaning “Ranjis-Samaris” kompaniyasi vakillarimiz. O‘zbekistonda ushbu loyiha biz orqali tatbiq etiladi. Ya’ni, biz zamonaviy saqlash tizimlarini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Ayni chog‘da loyihani boshlash bosqichidamiz. Kompaniyaning yurtingizdagi bu ilk va uzoq muddatli loyihasi bo‘ladi, degan umiddaman. Loyihaning uchta yo‘nalishi bor, uning birinchisi strategiya hisoblanadi. Unga ko‘ra, bu loyihaning qurilishi, uning hajmi va bu O‘zbekistonga qanchalik foyda olib kelishi bilan muhimdir. Bizning asosiy maqsadimiz kelajakda O‘zbekistonning strategik, iqtisodiy va qishloq xo‘jaligi sohasida ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda barcha imkoniyatlardan foydalanishga qaratilgan, – dedi Fransiyaning "Rungis marché international" kompaniyasi xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari Bertran Ambruaz.
Nasiba ZIYODULLAEVA,
O‘zA muxbiri